Ukraina Rossiyaning ikkita kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi 

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning ikkita kompaniyasiga qarshi sanksiyalar kiritish bo‘yicha farmon imzoladi. Farmon matni davlat rahbari saytida e’lon qilindi.  

"Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining 2021 yil 15 apreldagi "Shaxsiy maxsus iqtisodiy va boshqa cheklov choralarini - sanksiyalarni qo‘llash to‘g‘risida"gi qarori kuchga kirsin", deyilgan matnda. 

Sanksiyalar Rossiyaning "Dorlider" va "Granit-001" MCHJ kompaniyalariga uch yil muddatga kiritilgan. 

Ma’lumot o‘rnida, Zelenskiy G‘arb davlatlari Rossiyaga nisbatan qattiqroq cheklov choralarini joriy etishga tayyorligini e’lon qilgandi. Zelenskiy Kiyev "qo‘rqmasligini", chunki u xalqaro sheriklar, shu jumladan Amerika Qo‘shma Shtatlari, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Turkiya hamda Yevropa Kengashi va NATO tomonidan kuchli tarzda qo‘llab-quvvatlanilayotganini ta’kidlagan. 

Avvalroq, Zelenskiy rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinni Donbassda uchrashishga taklif qilgani haqida xabar bergandik. 

Joriy yilning mart oyida Donbassdagi vaziyat yana keskinlasha boshladi. Bunga Ukrainaning NATOga qo‘shilish tomon qilgan harakatlari sabab bo‘lgani aytilmoqda. 

Ukraina ham, Rossiya ham ushbu mintaqaga chegaradosh bo‘lgan o‘zining hududiga harbiy kuchlarini to‘plamoqda. Bundan tashqari, Ukraina rahbari Zelenskiy harbiy tutashuv chizig‘iga borib, mudofaaning eng oldi pozitsiyalarida xizmat vazifasini o‘tayotgan harbiylar bilan suhbatda bo‘lib, ularga mukofotlar topshirgan. 

O‘z navbatida Rossiya Ukrainaning NATOga qo‘shilishi Donbassdagi mojaroni hal qilmasligini ta’kidlagan. Boshqacha pozitsiya tutgan davlatlar ham yo‘q emas. Xususan, Turkiya va AQSH Ukrainaning ushbu harbiy blokka qo‘shilishini yoqlamoqda. 

Keyinchalik, Germaniya kansleri Angela Merkel, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya qo‘shinlarini Ukraina chegaralaridan olib chiqishga chaqirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina

Baholaganlar

146

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing