Makron va Merkel Rossiyaga Ukraina bo‘yicha murojaat qildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Germaniya kansleri Angela Merkel, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya qo‘shinlarini Ukraina chegaralaridan olib chiqishga chaqirdi. Tegishli bayonot Germaniya rahbari devoni veb-saytida e’lon qilindi.

Ma’lum qilinishicha, videokonferensiya Zelenskiyning Parijga tashrifi doirasida o‘tkazilgan. Tomonlar Ukrainaning janubi-sharqidagi vaziyatni muhokama qilgan va Rossiya-Ukraina chegarasida Rossiya tomonidan harbiy tarkib paydo bo‘lishidan xavotir bildirgan. 

“Kansler va Fransiya Prezidenti Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdi”, deyiladi bayonotda.

Ma’lumot uchun, Rossiya va Ukraina, shuningdek G‘arb davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarning keskinligi mart oyining oxirida Donbassdagi mojaroning avj olishi sababli kuchaydi.

Donbassdagi vaziyat

Donbass mintaqasi Ukrainaning Donetsk va Lugansk hamda Rossiyaning Rostov viloyatlarini o‘z ichiga oladi. Ushbu hududda 2014 yildan beri harbiy harakatlar davom etmoqda. Buning oqibatda shu vaqtga qadar 13 ming kishi halok bo‘lgan. 

Konflikt bir tomondan Ukraina Qurolli kuchlari, ikkinchi tomonda ikki alohida o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalari o‘rtasida bormoqda. Ushbu ikki davlat Ukrainadagi 2014 yilgi siyosiy inqiroz vaqtida vujudga kelgan.  

Donetsk va Lugansk Xalq Respublikalarining ikkisi ham na Ukraina va na jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan. Biroq, xabarlarga ko‘ra, ularni Rossiya qo‘llab-quvvatlamoqda. 

Qayta avj olgan harbiy harakatlar

Joriy yilning mart oyida Donbassdagi vaziyat yana keskinlasha boshladi. Bunga Ukrainaning NATOga qo‘shilish tomon qilgan harakatlari sabab bo‘lgani aytilmoqda. 

Ukraina ham, Rossiya ham ushbu mintaqaga chegaradosh bo‘lgan o‘zining hududiga harbiy kuchlarini to‘plamoqda. Bundan tashqari, Ukraina rahbari Zelenskiy harbiy tutashuv chizig‘iga borib, mudofaaning eng oldi pozitsiyalarida xizmat vazifasini o‘tayotgan harbiylar bilan suhbatda bo‘lib, ularga mukofotlar topshirgan.

O‘z navbatida Rossiya Ukrainaning NATOga qo‘shilishi Donbassdagi mojaroni hal qilmasligini ta’kidlagan. Boshqacha pozitsiya tutgan davlatlar ham yo‘q emas. Xususan, Turkiya va AQSH Ukrainaning ushbu harbiy blokka qo‘shilishini yoqlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

345

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing