Ukraina Rossiyadagi nishonlarga zarba berishi qonuniy – Britaniya Mudofaa vazirligi

Olam

image

Ukraina Rossiya Federatsiyasidagi nishonlarga “to‘liq qonuniy” hujum qilishi mumkin. Dushmanning logistikasini buzish va dushman omborlarini yo‘q qilish urushning bir qismidir. Bu haqda Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri o‘rinbosari Jeyms Xippi “Times Radio” efirida aytib o‘tdi.

“Gap shundaki, Ukraina o‘z chegaralarida tinch-totuv yashayotgan suveren davlat edi, keyin boshqa davlat bu chegaralarni buzishga va bu mamlakatga 130 ming qo‘shin kiritishga qaror qildi. Bu Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushning boshlanishini belgilab berdi. Urushda Ukraina dushmanga uning logistika liniyalariga, yoqilg‘i zaxiralariga, o‘q-dorilar omborlariga hujum qilish uchun chuqur zarba berishi kerak va bu urushning bir qismidir”, degan Xippi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Ukrainaning logistikani buzish uchun Rossiyaga chuqurroq kirib borishi mutlaqo qonuniydir. Agar u yo‘q qilinmasa, Ukraina zaminida o‘lim va qirg‘inlarga bevosita hissa qo‘shadi”.

Eslatib o‘tamiz, 1 aprel kuni Rossiyaning Belgorod shahrida neft bazasi yonib ketgandi. Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov yong‘inda neft bazasi ishchilaridan ikki kishi jabrlanganini ma’lum qildi.

25 aprelga o‘tar kechasi Rossiyaning Bryansk shahrida yana bir neft ombori yonib ketdi. Mahalliy aholining aytishicha, portlash ovozi eshitilgan. Bryanskdagi voqea munosabati bilan baza yonayotgan hudud yaqinida yashovchi odamlarni evakuatsiya qilish boshlandi. Har ikki holatda ham Rossiya rasmiylari Ukrainani aybladi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

410

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing