Ukraina Rossiya ustidan yana Xalqaro sudga da’vo kiritdi
Olam
−
01 Oktabr 2022
5105Rasmiy Kiyev Rossiyaning Ukraina hududlarini annekciya qilishga urinishlari haqidagi ishni mohiyatan ko‘rib chiqish iltimosi bilan Xalqaro sudga murojaat qildi. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Twitter sahifasida ma’lum qildi.
“Putinning anneksiya qilishga urinishlaridan so‘ng Ukraina Xalqaro sudga bu harakat 16 mart kuni chiqarilgan qonuniy majburiy bo‘lgan vaqtinchalik buyruqni qo‘pol ravishda buzish ekanligini rasman ma’lum qildi. Biz suddan ishni imkon qadar qisqa muddatda mohiyatan ko‘rib chiqishni so‘raymiz”, deydi vazir.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 16 mart kuni Gaaga shahridagi BMT Xalqaro sudi rasmiy Kiyev kiritgan da’voni ko‘rib chiqib, Rossiyadan Ukrainadagi urushni zudlik bilan to‘xtatishni talab qiluvchi qaror chiqargan edi.
Eslatib o‘tamiz, 30 sentyabr kuni Putin Ukrainaning Donbass mintaqasidagi tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari hamda Xerson va Zaporoje viloyatlarini Rossiyaga qo‘shib olish, anneksiya qilish haqidagi shartnomalarni imzoladi.
LiveBarchasi