Urushda Ukrainaga AQSH va Yevropaning milliardlari nega yordam bermayapti?

Tahlil

image

2022 yilning fevral oyida boshlangan Rossiya-Ukraina urushi hali-hanuz dunyoning global muammolaridan biri bo‘lib turibdi. Mazkur mavzu bugungi kunga qadar o‘tkazilgan ko‘plab xalqaro darajadagi konferensiya, sammit va yig‘ilishlarda muhokamalar markazida bo‘lgani, jahon hamjamiyati tomonlarni bir necha bor yarashtirib qo‘yishga harakat qilganiga qaramay, na Rossiya va na Ukraina hozirgacha muzokaralar stoliga o‘tirgani yo‘q.

Vashington va Kreml ekspertlariga ko‘ra, Ukraina poytaxti Kiyevni 3 kun ichida bosib olishni reja qilgan Rossiya armiyasi ham mana bir yarim yildirki o‘z maqsadiga erisha olgani yo‘q.

Bundan tashqari, iyun oyida Ukraina Qurolli Kuchlari boshlagan qarshi hujum ham kutilgan natijalarni bermayapti. Xo‘sh bunga sabab nima? Harbiy harakatlar qanday yo‘sinda davom etmoqda?

AQSH va Yevropa davlatlari tomonidan muttasil berib borilayotgan moliyaviy va harbiy yordamlar nima uchun urushda Ukrainaning qo‘li baland kelishiga olib kelmayapti? QALAMPIR.UZ’ning quyidagi tahlilida ushbu savollarga javob bor.

Jamoatchilik Ukraina muammosiga beparvolik qilishni boshladi

So‘nggi sammitlar ko‘rsatmoqdaki, Ukraina masalasiga jamoatchilik beparvo bo‘lishni boshlamoqda. Masalan, iqtisodiyoti eng rivojlangan va rivojlanayotgan 20 ta mamlakat hukumatlari va markaziy banklari rahbarlaridan iborat eng yirik G20 klubining Indoneziyadagi sammitida mazkur urush “Rossiya agressiyasi” deb atalgan edi. Ammo shu yilning 9-10 sentyabr kunlari Hindistonning Nyu-Dehlidagi sammitida esa bu shunchaki “Ukrainadagi urush” deb nomlandi, xolos. Shuningdek, bu mavzuga ko‘p to‘xtalib o‘tirilmadi.

Shuningdek, Fransiya Prezidenti Emmanuyel Makron ham sammitda Ukraina muammosiga emas, asosan global ochlik muammosiga e’tibor qaratishni ta’kidlagandi.

Ukrainaning iyun oyi oxirida boshlangan qarshi hujumi Rossiya armiyasini yetarli darajada ortga siljita olmadi. Amerika Urushni O‘rganish institutining yozishicha, 4 iyundan beri ukrainlar bor yo‘g‘i 108 km2 hududni ozod qilgan.

Qolaversa, AQSH Prezidenti Jo Bayden ham 2024 yilgi saylov yaqinlasha boshlagan sari Ukrainaga yordam jo‘natishda tavakkal qilishni istamayapti va berilayotgan yordam hajmini oshirmoqchi emas. The WIRE nashrining yozishicha, AQSHda jamoatchilik Ukraina qarshi hujumining sekinligidan norozilik bildira boshlagani sabab ham AQSH bu muammoga ko‘z yumishi mumkin.

Ukrainaning Sevastopolga hujumlari

Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi yana bir talash hudud Sevastopol hisoblanadi. Rossiyadan Ukrainaga havo orqali hujumlar fonida Ukraina armiyasining Qrim yarimorolidagi Kreml nazoratida bo‘lgan Sevastopolga hujumlar uyushtirishi tabiiy. Chunki shahar hududida qadimdan ruslar va ukrainlar birgalikda yashab keladi va shahar yarimorolda katta strategik ahamiyatga ham ega. Chunki Sevastopol Qrimdagi eng katta shahar va Qora dengizdagi yirik portlardan biri hamdir. Ukraina bu shaharni qo‘lga kiritsa, Qrim yarimoroli Rossiya ta’minotidan uzilib qolishi mumkin. 

So‘nggi kunlarda esa Ukraina armiyasi shaharga hujumlarni kuchaytirdi. 13 sentyabr kuni shaharda Ukrainaning urush boshlangandan keyingi eng katta raketa hujumi sodir bo‘ldi. Buning natijasida esa 24 kishi yaralandi va ikkita kema shikastlandi. Rasman Ukraina tomoni tasdiqlamagan bo‘lsa ham, jamoatchilikning fikricha, Kiyev hujum vaqtida Buyuk Britaniyada ishlab chiqarilgan Storm Shadow raketalaridan foydalangan.

“Surovikin chizig‘i”
 
Ukraina sharqida va janubida “Surovikin chizig‘i” degan himoya istehkomlari tizimi mavjud. Ushbu istehkomlar o‘zaro bir-biriga bog‘langan tarzda qurilgan. U Qrimdan boshlanadi va Zaporojening Tokmak shahrigacha davom etadi. Ushbu chiziq Prigojinning Moskvaga yurishidan keyin davlat ishlaridan chetlatilishi boshlangan general Sergey Surovikin nomiga qo‘yilgan. Bu istehkomlar tarmog‘i 2022 yil yozida Xarkovning shimoliy sharqida Ukrainaning qarshi hujumiga reaksiya bildirish maqsadida tashkil qilingan edi. 

Amerika Urushni o‘rganish instituti (ISW) tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan “Surovikin chizig‘i”ning grafigi uning qanchalik murakkab va interaktiv ekanligini ochib beradi.

“Surovikin chizig‘i” uchta qatlamdan iborat. Liniyaning birinchi qatlami tanklar, piyodalar jangovar mashinalar va boshqa og‘ir zirhli texnikalarning oldinga siljishini oldini olish uchun qurilgan xandaqlardan iborat. Ikkinchi qatlamning asosiy qismini mashinalardan himoya qilish uchun qurilgan beton to‘siqlari tashkil qiladi va ular “ajdar tishlari” deb ataladi. Uchinchi qatlamda esa asosan askarlar joylashtirilgan. Ularning vazifasi ariqlarni va “ajdarho tishlari”ni jangovar pozitsiyalardan  turib nazorat qilishdan iborat. ISW eksperti Barrosning aytishicha, har bir qatlam orasiga minalar joylashtirilgan bo‘lishi mumkin.

“Surovikin chizig‘i” Ukrainaning qarshi hujumini qaytarishda Rossiya uchun muhim ahamiyat kasb etib turibdi. Sentyabr oyida Ukraina chiziqning sharqi va janubiga bir nechta hujumlar uyushtirdi. Biroq rus armiyasi ushbu hujumlarni qaytara olishga muvaffaq bo‘ldi.

Urushdagi qurbonlar

18 oydan beri davom etib kelayotgan urushda halok bo‘lganlar haqida aniq raqamlar yo‘q. Chunonchi, Ukraina hukumatining 2023 yil 17 yanvardagi ma’lumotlariga ko‘ra, har ikki tomondan 16 ming tinch aholi qurbon berilgan. BMT manbalarida esa, 2023 yil 10 sentyabr holati bo‘yicha, bu miqdor 17 ming kishini tashkil qilmoqda. AQSH tomoni esa 42 ming tinch aholi vakili urush natijasida halok bo‘lganini xabar beryapti.

Halok bo‘lgan Ukraina kuchlari sonini AQSH hukumati so‘nggi hisobotida 70 ming nafar deb hisoblagan. Rossiya qo‘shinida esa 120 ming odam halok  bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, BBS rus xizmati hisob kitoblariga ko‘ra, Rossiya armiyasida urush oqibatida halok bo‘lganlar soni 80 ming kishini tashkil qiladi.

The New York Times nashri tomonidan e’lon qilingan raqamlar esa barchasidan ko‘proq. 

Nashrning AQSH rasmiylariga tayanib keltirgan statistikasiga ko‘ra,   Rossiya qo‘shinlari bostirib kirishi oqibatida Ukraina va Rossiyaning 500 mingga yaqin harbiysi halok bo‘lgan yoki jarohat olgan.

“Rasmiylarning ogohlantirishicha, qurbonlar sonini taxmin qilish qiyinligicha qolmoqda, chunki Moskva urushda halok bo‘lganlar va yaralanganlarni muntazam ravishda kam hisoblaydi va Kiyev rasmiy raqamlarni oshkor etmaydi. Ammo ularning aytishicha, bu yil Ukraina sharqida qirg‘in kuchaygan va deyarli uch oydan beri qarshi hujum davom etmoqda”, degan The New York Times.

AQSHdagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainadagi mojaroda Ikkinchi Jahon urushidan keyingi urushlardanda ko‘p yo‘qotishga uchragan. Markaz ekspertlarining ta’kidlashicha, rus armiyasi har oy o‘rtacha 5000 askaridan ayrilmoqda. Ukrainadagi mojaroning birinchi yilidagi o‘rtacha bir oylik rossiyaliklarning o‘lim ko‘rsatkichi Chechenistondagi mojarodan 25 baravar va Sovet Ittifoqining Afg‘onistondagi urushidan kamida 35 baravar ko‘p bo‘lgan.

Kimlar qaysi tomonda?

Rossiya-Ukraina mojarosi boshqa mojarolardek mintaqaning o‘zidagina qolib ketmadi. U butun dunyoni ikkiga bo‘lmoqda va hech bir hukumatni bee’tibor qo‘ymayapti.

Shunga qaramay, boshqa global mojarolardan farqli ravishda bu urushda mediator pozitsiyasidagi davlatlar ancha ko‘p. Xitoy, Hindiston, Turkiya kabi ham Rossiya, ham Ukraina bilan hamkorlik aloqalari olib boruvchi davlatlar o‘z tinchlik formulalarini ikkala davlatga ham taklif qilishmoqda. Ayniqsa Turkiya konfliktdagi neytral pozitsiyasini “Don yo‘lagi”ga o‘xshash tashabbuslar bilan ham amaliy isbotlab kelyapti.

Rossiyaning Ukrainada boshlagan harbiy harakatlari etnik xarakterga ega ekanligini ham inobatga olish lozim. Shu sababdan ham Putin rahbariyatining eng katta strategik hamkorlaridan biri bo‘lgan Belarus mojaroda Rossiya manfaatlarini himoya qilmoqda. Ba’zi jurnalistik surishtiruvlarga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga Belarus hududi orqali hujumlar uyushtirgan bo‘lishi ham mumkin. Bundan tashqari, Eron Islom Respublikasi Rossiyaga muntazam ravishda “Shahid” dronlarini yetkazib beradi. Bir nechta manbalarning aytishicha, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi ham Rossiyaning yashirin qurol-yarog‘ ta’minotchilaridan biri hisoblanadi.

Masalan, yaqinda – 13 sentyabr kuni KXDR rahbari Kim Chen In Rossiyaga tashrif buyurgan edi. G‘arb davlatlari taxminlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga Ukraina bilan urushda foydalanishi uchun qurollar yetkazib berishi mumkin. Rossiya esa bunga javoban oziq-ovqat mahsulotlari hamda KXDRning kosmik loyihalari bo‘yicha ko‘mak beradi.

AQSH Kim Chen In hali Putin bilan uchrashmasdanoq Pxenyanni Rossiyaga qurol sotish oqibatlaridan ogohlantirgan va BMT Xavfsizlik Kengashida unga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishini aytgan edi. 

Shuningdek, urushda Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotgan boshqa davlatlar ham AQSH va Yevropa Ittifoqining sanksiyalariga duchor bo‘lmoqda.

Putin esa ko‘plab muammolarga aybdor, deya G‘arb davlatlarining o‘zini da’vo qilib keladi. Chunki mazkur davlatlar urush boshlanganidan beri Ukrainani moliyaviy ta’minlab kelyapti. Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Chexiya, Polsha kabi boshqa ko‘plab Yevropa davlatlari keng miqyosda (tanklar, minomyotlar, pulemyotlar va samolyotlar) Ukrainaga harbiy yordam berib kelayotgan bo‘lsa, AQSH taxminan 75 milliard dollar mablag‘ni Kiyevning Rossiyadan himoyalanishi uchun berdi.

Arosatda qolgan Markaziy Osiyo

Urush avvalida Rossiya tomonida bo‘lishi kutilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari hozirgacha o‘zining neytral pozitsiyasini saqlab kelmoqda va Ukrainaning “hududiy yaxlitligi” va “suvereniteti”ni tan olishini bildirgan. Masalan, O‘zbekiston ayni paytda Kreml nazoratiga o‘tgan Lugansk va Donetsk respublikalari, Zaporoje va Xerson viloyatlarini Rossiyaning bir qismi sifatida tan olgani yo‘q hamda Ukrainadan gumanitar yordamlarini imkon qadar ayamayapti. 

Jumladan, 19 avgust sanasida O‘zbekiston tomonidan Ukrainaga jami 785 844 grivnaga (taxminan 21 282 dollar) qishki poyabzal , sport, bolalar va ayollar kiyimlari yuborilgan. Shuningdek, umumiy qiymati 157ming 771 grivna (taxminan 4 273 dollar) bo‘lgan tibbiy shpritslar, tibbiy paxta va infuzion tizimlar jo‘natilgan.

Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi esa gumanitar aksiya ishtirokchilariga samimiy minnatdorlik bildirgan.

Shu bilan birga O‘zbekiston ham, boshqa MO davlatlari ham Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarini davom ettirmoqda. 

Avazbek Mo‘ydinov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made