Ukraina qo‘shinlari Avdeyevkadan chekindi
Olam
−
17 fevral
8093Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy Donetsk viloyatining Avdeyevka shahridan Ukraina qo‘shinlari olib chiqilishini ma’lum qildi. Bu haqda u Facebook'dagi sahifasida yozdi.
"Avdeyevka atrofida yuzaga kelgan tezkor vaziyatdan kelib chiqib, qurshovga tushmaslik, harbiy xizmatchilarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlab qolish uchun men bo‘linmalarimizni shahardan olib chiqib, mudofaaga yanada qulayroq yo‘nalishlarga o‘tishga qaror qildim", deb yozadi Sirskiy.
Uning aytishicha, ukrainalik harbiylar o‘z burchini munosib bajargan va Rossiya armiyasiga inson kuchi va texnikada katta yo‘qotishlar olib kelgan.
“Harbiy xizmatchilarning hayoti eng oliy qadriyatdir. Biz baribir Avdeyevkani qaytaramiz”, deya qo‘shimcha qilgan Sirskiy.
“Tavriya” Qurolli kuchlari guruhi qo‘mondoni Aleksandr Tarnavskiy ham Ukraina qo‘shinlari oldindan tayyorlangan pozitsiyalarga olib chiqilishini e’lon qildi.
"Dushman o‘z askarlarining jasadlari ustida doimiy bombardimon ostida o‘ndan bir ustunlik bilan oldinga o‘tayotgan bir vaziyatda bu yagona to‘g‘ri qaror", deb yozadi Tarnavskiy.
Ma’lumot uchun, Donetskdan 15 kilometr uzoqlikdagi, jangovar harakatlardan oldin 30 mingdan kam odam istiqomat qilgan Avdeyevka shahri uchun janglar bir necha oy davom etdi. Rossiya armiyasi Avdeyevkaga 2023 yil oktyabr oyida faol hujum boshlagandi. 2024 yil 15 fevralda rus qo‘shinlari Avdeyevkaning asosiy kirish qismini egallab oldi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi agar Kongress zudlik bilan chora ko‘rmasa, Avdeyevka va front chizig‘idagi boshqa aholi punktlari Rossiya nazorati ostiga tushishi mumkinligini aytgandi.
LiveBarchasi