Ukraina qarshi hujumni boshlashga tayyor – Aleksey Danilov
Olam
−
27 may 2023
8424Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi rahbari Aleksey Danilov BBC nashriga bergan intervyusida mamlakat uzoq vaqtdan beri kutilayotgan qarshi hujumni boshlashga tayyorligini ma’lum qildi.
Danilov Rossiya harbiylari egallagan hududlarni qaytarib olish uchun harakat qachon boshlanishini aniq aytmagan. Ammo, qarshi hujum “erta, indin yoki shu hafta boshlanishi ham mumkinligi”ni ma’lum qilgan. Danilov Ukraina hukumati “xato qilishga haqi yo‘qligini”, chunki bu qo‘ldan chiqarish mumkin bo‘lmagan tarixiy imkoniyat ekanini ta’kidlagan.
Aleksey Danilov Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy olib borayotgan harbiy mudofaa kampaniyasining de-fakto “yuragi” hisoblanadi.
U intervyusida “Vagner” bo‘linmalari haqiqatdan ham Baxmutni tark etayotganini tasdiqlagan. Biroq ular boshqa uchta yo‘nalishda qayta guruhlanayotganini va shu sababli ularning ketishi “Vagner” Ukraina bilan urushdan chiqqanini anglatmasligini ma’lum qilgan.
Danilovning aytishicha, u Rossiyaning Belarusga yadro qurollarini joylashtirayotganidan butunlay xotirjam va bu holat yangilik emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak mamlakat Qurolli Kuchlarining qarshi hujumi boshlanganini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, yaqinda AQSH va Avstraliyaning iste’fodagi generallari Ukrainaning qarshi hujumi qachon va qaysi yo‘nalishlarda boshlanishi, unga ta’sir qiladigan omillar, qarshi hujumning muvaffaqiyatga erishish darajasi qanchalik ekani haqida ma’lumot bergandi.
LiveBarchasi