Ukraina G‘arb yordamidan butunlay ayrilishi mumkin. Qanday qilib?!
Jamiyat
−
24 aprel 2023
31375Ukrainaning bahorda rejalashtirgan qarshi hujumi muvaffaqiyatsiz tugasa, G‘arb yordami butunlay to‘xtatilishi mumkin. Bu haqda “Daily Mail” nashrining AQSH va Avstraliya armiyasining iste’fodagi generallari bilan intervyusida ma’lum qilindi.
Nashr xabarida aytilishicha, Ukrainaning taqdiri yaqin oylarda amalga oshiradigan qarshi hujumiga bog‘liq bo‘ladi va aynan shu hujum ko‘p narsani hal qilishi mumkin.
Ma’lumki, Ukraina bir necha oylardan buyon bahorgi qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Qishning sovuq harorati yerlarning muzlashiga sabab bo‘lib, Rossiya uchun Ukrainaga hujumni kuchaytirishga imkon bergan bo‘lsa, bahor kelishi bilan muzlar erib, balchiq va botqoqliklar harbiy harakatlarni qiyinlashtirdi. Endilikda Ukraina uchun qarshi hujumga o‘tishga sharoit pishib yetilmoqda.
Qarshi hujum rejasiga ko‘ra, Ukraina 12 tadan 18 tagacha jangovar brigadada 100 mingga yaqin askarni to‘plashi mumkin. Ushbu bo‘linmalarni qurollantirish uchun 200 ga yaqin G‘arb tanklari, 800 ta zirhli texnika va 150 ga yaqin artilleriya qurollari berilgani taxmin qilinyapti. Agarda yana 9 ta brigadani qurollantirish maqsad qilingan bo‘lsa, 400 tagacha tank, 1600 ta zirhli texnika va 300 ta artilleriya quroliga ega bo‘lishi mumkin.
Rossiyaning holati aniq emas, biroq olingan qurbonlar soniga asoslanib, 100 mingdan 290 mingga qadar shaxsiy tarkib jalb qilinishi mumkin. Rossiyaning jang maydonlarida 500 ga yaqin tanklari qolgani taxmin qilinadi. Artilleriya qurollari va zirhlli texnikalar soni esa ma’lum emas.
Avstraliya armiyasining iste’fodagi generali Mik Rayanning “Daily Mail” nashriga bergan intervyusida aytilishicha, Kiyevda qarshi hujumning uchta ehtimoliy varianti mavjud:
- birinchidan, barcha vositalar bilan bitta katta hujumni amalga oshirish;
- ikkinchidan, asosiy kuchlarni janub va sharqqa bo‘lgan holda bir vaqtning o‘zida hujumga o‘tish;
- uchinchidan, janub va sharqda muvofiqlashtirilmagan kichik hujumlarni amalga oshirish.
AQSH armiyasidan iste’foga chiqqan general Stiven Tvittining fikriga ko‘ra, Ukraina uchinchi yo‘lni tanlaydi.
“Ukraina o‘tmishda ish bergan taktikadan foydalanadi. Ukrainaliklarga muvaffaqiyat keltirgan omil – piyoda, zirh va artilleriyadan foydalangan holda kichik manyovrlar bilan katta bo‘lmagan zonalarda ruslarga hujum qilish va hududga ega bo‘lish”, deydi u.
General Rayanning aytishicha, Ukraina keng miqyosda hujumga o‘tmaydi. Chunki bunday hujumni tashkil qilish qiyin hamda bu hujum Rossiya qo‘shinlari tomonidan payqab qolinishi va mudofaa uyushtirilishi uchun qulay bo‘lib qoladi. General Rayan Ukrainaning tutadigan yo‘li butunlay boshqacha va kutilmagan bo‘lishini taxmin qilmoqda.
“Bu juda o‘zgacha bo‘ladi. Chunki hozirgi muammo ham oldingidek emas. Ular ilgari amalga oshirmagan ishni – to‘siqli zonalarni buzib o‘tishlari kerak“, deydi u.
Ukrainaning nishonida qaysi hudud?
Rossiyalik harbiy tahlilchilarning fikriga ko‘ra, urushning dastlabki kunlarida Rossiya tomonidan egallangan mamlakat janubidagi kichik shahar Melitopolni qaytarib olish Ukrainaning asosiy maqsadiga aylanadi. Boisi, bu shaharni qaytarib olish Rossiyaning janub va sharqdagi kuchlari o‘rtasida quruqlik yo‘lini kesib qo‘yadi. Bu orqali yana bir hudud Mariuopolni qaytarib olish uchun ham yo‘l ochiladi. Shuningdek, shahar qo‘lga kiritilishi ortidan Qrim ham HIMARS’lar nishoniga qo‘yiladi.
Ukraina Baxmut singari urushning qaynoq nuqtalarida bosimni yumshatish va Donbassdagi sanoat zonalarini qaytarib olishga intilayotgani uchun Sharqiy Luganskka hujum qilinishi mumkinligi ehtimoli ham ko‘rib chiqilmoqda.
General Rayanning aytishicha, dushmanni sarosimaga solib qo‘yish g‘alaba kaliti bo‘ladi. Chunki Rossiya qariyb 1200 kilometrlik front chizig‘ini himoya qilish uchun yetarli shaxsiy tarkibga ega emas. Frontga jalb qilinganlarning tarkibi esa xilma-xil bo‘lib, unda elita parashyutchilardan tortib bir kunlik harbiy tayyorgarlikka ega xizmatchilar ham bor. Bu mudofaa chizig‘ining zaif bo‘lishini anglatib, Ukraina uchun kuchsiz nuqtalarni topish g‘alaba omili bo‘lishi mumkin.
Ukraina hujumni qachon boshlaydi?
Bu hujum qachon amalga oshirilishi aniq emas, biroq harbiy mutaxassislar Ukrainada loy va balchiq yo‘llar aprel oyining oxiri hamda mayning boshida qurishi va qattiqlashishini aytmoqda.
Ikkinchidan esa Ukraina G‘arb va’da qilgan barcha qurollarni olmaguncha va qo‘shinlari ulardan foydalanishni o‘rganmaguncha hujumga o‘tishi dargumon.
Bundan tashqari hujum boshlanganidan keyin uni qo‘llab-quvvatlash uchun moddiy-texnika bazasini olishi kerak. General Tvittining fikriga ko‘ra, logistika taxt holga keltirilmaguncha hujum boshlanmaydi. Ukraina foydalanadigan tizimlarning turiga qarab bu ish juda murakkab bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
“Barqarorlik asosiy omilga aylanadi. Ya’ni ehtiyot qismlar, yonilg‘i va o‘q-dorilar. Muvaffaqiyat ularning barcha yangi jihozlarni olib, bir joyga to‘plash va jang maydonida ishlatish qobiliyatiga bog‘liq bo‘ladi”, deydi general Tvitti.
Vladimir Zelenskiy Rossiya bosib olgan barcha hududlarni qaytarib olishni maqsad qilgan. Biroq deyarli hech kim bu amalga oshishiga ishonmayapti. Tahlilchilar esa Ukraina janub va sharqda iloji boricha katta hududni qaytarib olishi va qo‘ldan chiqarmasligi kerakligini ta’kidlamoqda. Bu urushdagi tashabbus Ukraina tarafiga o‘tganini anglatadi.
Nashrga intervyu bergan ikkala general ham urush shu yil oxirigacha tugashi so‘roq ostidaligini aytgan. Agarda to‘qnashuv 2024 yilga qadar ham davom etsa, Ukrainaga yanada ko‘proq harbiy yordam kerak bo‘ladi. Zelenskiy Qrimni qaytarib olish haqidagi va’dalarini bajarmoqchi bo‘lsa, u holda g‘arbdagi ittifoqchilaridan qiruvchi samolyotlar va harbiy kemalarni ham so‘rashi mumkin. Bunda mamlakat unga berilayotgan harbiy yordamga loyiq ekanini ham isbotlashiga to‘g‘ri keladi.
“Agar Ukraina buni uddalay olsa, Rossiya ustidan to‘liq g‘alaba qozonishi mumkin. Ammo muvaffaqiyatsizlik eshik abadiy yopilishini anglatishi mumkin. Ukraina taqdiri va urushning tugashi yaqin oylarda hal qilinadi”, deyiladi nashr xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainaning qarshi hujumiga tayyorgarlik ko‘rayotgan Rossiya front chizig‘i yaqinida ulkan handaq qaziyotgani xabar qilingandi. Shuningdek, Ukrainaning havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun o‘q-dorilari tugayotgani sabab kutilayotgan qarshi hujum muvaffaqiyatsiz tugashi mumkinligi aytilgandi.
LiveBarchasi