Ukraina qarshi hujumga 48 ming askar tayyorlamoqchi. AQSH o‘zgarish bo‘lishiga shubha qilmoqda

Olam

image

Ukraina may oyida qarshi hujum boshlash uchun har biri 4000 askardan iborat 12 brigada tayyorlashga qaror qildi. Bu haqda internetga tarqalgan Pentagon hujjatlariga tayanib, “The New York Times” xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, AQSH va NATO ushbu brigadalardan to‘qqiztasini tayyorlamoqda.

Nashrning qayd etishicha, Kiyevning ittifoqchilari unga yetkazib beriladigan qurol yetarli bo‘lishini kutmoqda.

“Ukraina AQSHga o‘zining operatsion rejasi haqida ko‘p gapirmaydi. Ammo Pentagonga ko‘ra, hujum janubiy yo‘nalishda, shu jumladan, Qrim yaqinidagi Azov dengizi qirg‘oqlari bo‘ylab boshlanadi”, deyiladi xabarda.

Gazetaga ko‘ra, AQSH rasmiylari hujum Ukraina foydasiga keskin o‘zgarishlarga olib kelishiga shubha qilmoqda. Shuningdek, AQSH Ukraina armiyasi ruslarni chalg‘itish uchun ayyorlik va hiyla ishlatishiga umid bildirmoqda.

“The New York Times”ning aniqlik kiritishicha, Ukraina yollangan askarlarni birlashtirib, yangi jangovar brigadalarni tuzgan. Yanvar oyidan buyon ushbu bo‘linmalar AQSHning Germaniyadagi sinov maydonlariga ularni yangi jihozlardan foydalanishga o‘rgatish va muvofiqlashtirish darajasini sinab ko‘rish uchun yuborilgan. AQSHning bir qancha rasmiylariga ko‘ra, mashg‘ulotlar yaxshi o‘tgan va Ukraina kuchlari o‘zlarini tez o‘rganuvchi ekanligini ko‘rsatgan.

“Politico” nashrining yozishicha, AQSH ma’muriyati Ukraina harbiylarining ehtimoliy muvaffaqiyatsizligiga ham hozirlik ko‘rmoqda. 

“Vashington 30 aprel kuni Ukrainaning qarshi hujumini kutmoqda”, deb yozgan “Newsweek” nashri.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina askarlar qarshi hujum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing