“Ukraina faqat o‘zi uchun jang qilayotgani yo‘q”. Zelenskiy Kongressda tik turib olqishlandi

Olam

image

Kecha, 21 dekabr kuni kechqurun Oq uyda AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan muzokaradan so‘ng Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH Kongressi har ikki palatasining qo‘shma majlisida nutq so‘zlash uchun Kapitoliyga keldi. 

Ukraina Prezidenti so‘zini boshlab, Amerika Kongressida nutq so‘zlash u uchun katta sharaf ekanini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, Ukraina jang maydonida allaqachon Rossiya ustidan g‘alaba qozongan va ukrainalik do‘stlari va hamkorlari, birinchi navbatda, AQSHning katta qo‘llab-quvvatlashini inobatga olgan holda, buni davom ettiradi. 

“Bu nafaqat hudud, balki Yevropaning u yoki bu qismi uchun kurash. Jang faqat ukrainaliklar yoki Rossiya zabt etishga urinayotgan boshqa davlatlarning hayoti, erkinligi va xavfsizligi uchun emas. Bu kurash bizning bolalarimiz va nevaralarimiz qanday dunyoda yashashini aniqlaydi...  ukrainaliklar uchun, amerikaliklar uchun, hamma uchun demokratiya bo‘ladimi yoki yo‘q, shuni belgilaydi”, deydi Ukraina rahbari. 

Zelenskiy Vashingtonga ushbu tashrifi arafasida Donbassdagi qal’a bo‘lgan Baxmutga tashrif buyurganini, u rus bosqinchilariga qarshi qahramonona mudofaani davom ettirayotganini yana bir bor esladi. Amerikalik qonun chiqaruvchilar mehmon bu so‘zlarni aytganida uni uzoq qarsaklar olqishlagan.  

Zelenskiy ruslar artilleriya, o‘q-dorilar va uzoq masofali raketalar bo‘yicha ustunlikka ega ekanini tan oldi. 

“Ular tevarak-atrofdagi hamma narsani vayron qiladilar, biroq ukrainaliklar o‘z saflarida qoladilar va hech qachon taslim bo‘lmaydilar”, deb ta’kidladi Ukraina rahbari. 

Prezident Zelenskiy Amerikaning Patriot havo mudofaa tizimlari Ukraina osmoni va Ukraina shaharlarini himoya qilishga yordam berishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, u Eronning Rossiya Qurolli kuchlari uchun uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berishiga ishora qilib, bir terrorchi boshqa terrorchiga yordam berishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini ta’kidladi. 

“Ukraina hech qachon amerikalik askarlardan bizning o‘rnimizga bizning zaminimizda jang qilishini so‘ramagan. Sizni ishontirib aytamanki, Ukraina askarlari Amerika tanklari va samolyotlarini mukammal boshqarishga qodir”, deydi Vladimir Zelenskiy amerikalik qonunchilarni. 

Uning ta’kidlashicha, Amerikaning Ukrainaga hozirgi yordami xayriya emas, balki global xavfsizlik va demokratiyaga sarmoyadir. Zelenskiy, shuningdek, Ukraina xalqi tinchlik, ammo adolatli dunyoni istashini va adolatli dunyo Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligi ekanini aytdi. 

"Rojdestvo bayramida millionlab ukrainaliklarda elektr yoki suv bo‘lmasligi mumkin", deydi Zelenskiy. 

Yakunda Prezident barcha qonunchilarga, shaxsan AQSH prezidentiga, shuningdek, har bir amerikalik oilaga jang maydonidagi Ukrainaga yordam bergani uchun yana bir bor minnatdorlik bildirdi va Kongress rahbariyatiga Ukraina milliy bayrog‘ini – Baxmutni himoya qilgan ukrainalik jangchilar sovg‘asini topshirdi.  

“Bu bayroq urushdagi g‘alabamiz ramzidir. Biz ushlab turamiz, kurashamiz va g‘alaba qozonamiz, chunki biz birmiz: Ukraina, Amerika va butun erkin dunyo”, deya so‘zini yakunladi Zelenskiy barchani yangi yil bilan zafarli tabriklab.

Ukraina Prezidenti 24 fevralda Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirishi boshlanganidan beri birinchi xorijiy tashrifini, xususan, AQSHga, birinchi navbatda, asosiy ittifoqchiga 300 kundan ortiq davom etayotgan urushda to‘liq miqyosda ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorlik bildirish maqsadida amalga oshirmoqda. Tashrifdan yana bir maqsad Ukraina va AQSH o‘rtasidagi kelgusi yil o‘zaro hamkorligini muhokama qilishdir. 


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

187

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing