Ukraina Erondan xun talab qilyapti

Olam

image

Bundan bir yil oldin, 2020 yil 8 yanvar kuni Eron poytaxti Tehron yaqinida "Ukraina havo yo‘llari"ning Boeing 737-800 samolyoti Eron tomonidan urib tushirilgandi. 

Ukraina va Eron haligacha samolyotdagi yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarining o‘limida aybdorlarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida kelishuvga erishmagan. Shuningdek, fojia qurbonlarining oilalariga tovon to‘lash tartibi ham kelishilmagan. 

PS-752 Tehron-Kiyev reysidagi layner Tehron aeroportidan uchganidan ko‘p o‘tmay ikkita "Tor-M1" mudofaa raketasi tomonidan urib tushirilgan. 

Natijada, samolyotdagi 167 nafar yo‘lovchi va to‘qqiz nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgan. 

Eron Hukumati dastlab samolyot havodan mudofaa raketa tizimi orqali urib tushirilgani haqidagi ma’lumotni rad etgan va bunga texnik muammolar sabab bo‘lgan, degan fikrda turib olgan. 

Keyinchalik, Eron Qurolli Kuchlari Bosh shtabi laynerning yo‘q qilinishini tan olib, voqeani "xato" deb atagan.

Ukraina laynerining "qora qutilari" 2020 yil 17 iyulda, fojiadan yetti oy o‘tgach Fransiyaga tekshiruvga yuborilgan. Parij "qora qutilar"ni 2020 yil 23 iyulda Tehronga qaytarib bergan. 

Eron 2020 yil 23 avgustda "qora quti" haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilgan. 

Ukrainada 2020 yil 29-30 iyul kunlari rasmiy Kiyev va Tehron o‘rtasida 8 yanvar fojiasida qurbon bo‘lganlarning oilalariga tovon puli to‘lash bo‘yicha muzokaralar boshlangan.

"Doktrina" siyosiy tadqiqotlar markazining xalqaro siyosat bo‘limi rahbari Denis Moskalikning ma’lum qilishicha, Eron-Ukraina muzokaralarida hech qanday yutuqlarga erishilmagan. 

Moskalikning ta’kidlashicha, Eron qurbonlarning oilalariga tovon puli to‘lash va fojia holatlarini o‘rganish bo‘yicha muzokaralarga qarshilik qilmoqda. 

"Tovon to‘lamaslik uchun Eron dastlab samolyot Yevropa kompaniyalari tomonidan sug‘urtalangan, degan dalilni ishlatishga urindi. Keyinchalik, ular kompensatsiya Eronning 2021 yilgi byudjeti hisobidan ajratilishini aytishdi", degan ekspert. 

Moskalik shuningdek, tovon puli to‘g‘risidagi Eron ommaviy axborot vositalarining ma’lumotlariga ishonmaslik kerakligini aytgan.

"Eron aybdorlarni jazolashga va adolatni ta’minlashga urinmayapti, aksincha harakatlari Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) tarkibidagi "Al-Quds" maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi munosabati bilan keskinlik vujudga kelgan AQSHni ayblamoqda", degan ukrainalik mutaxassis. 

Shuningdek, Ukraina tomoni ham vaziyat bo‘yicha bayonot bergan.

"Biz zudlik bilan Eronni ushbu dahshatli aviahalokatga sabab bo‘lgan voqealar va qarorlar to‘g‘risida to‘liq va har tomonlama tushuntirish berishga chaqiramiz, shu jumladan, bu yana takrorlanmasligi uchun aniq harakatlar talab qilamiz. Ukraina, Afg‘oniston, Kanada, Shvetsiya va Buyuk Britaniya Eronda adolatni qaror toptirish hamda qurbonlarning oilalari va zarar ko‘rgan davlatlarga to‘liq kompensatsiya berishini ta’minlash uchun Eronni javobgarlikka tortadi", deyilgan bayonotda. 


Maqola muallifi

Teglar

Eron Ukraina

Baholaganlar

170

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing