Ukraina dron xarid qilish uchun qo‘shimcha 5 milliard grivna ajratdi
Olam
−
18 mart
4381Ukraina hukumati xavfsizlik va mudofaa kuchlari uchun qo‘shimcha 5 milliard grivna ajratdi. Bu mablag‘ uchuvchisiz samolyotlarni sotib olishga sarflanadi. Bu haqda Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal bugun, 18 mart kuni Telegram’dagi kanalida ma’lum qildi.
“Bugun xavfsizlik va mudofaa kuchlari uchun qo‘shimcha 5 milliard grivna ajratildi. Mablag‘lar front chizig‘idagi himoyachilarimiz uchun zarur bo‘lgan dronlarni sotib olishga sarflanadi”, deb yozdi hukumat rahbari.
“Ukrainskaya pravda” nashrining Iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenkoga tayanib xabar berishicha, bugungi kunda uchuvchisiz samolyotlar ishlab chiqaruvchilar bilan 30 milliard grivnaga yaqin shartnomalar tuzilgan va yana 14 milliard grivnalik shartnomalar tayyorlanmoqda.
Qayd etish joizki, oxirgi paytlarda urushda dronlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ular Rossiya hududlariga hujum qilishda qo‘l kelmoqda. So‘nggi paytlarda Rossiya hududiga berilgan dron zarbalari bir necha neft bazalari va uni qayta ishlash zavodlarida yong‘inga sabab bo‘lishi holatlari ko‘p uchramoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Britaniya va Latviya Ukrainaga minglab dronlarni, jumladan, FPV (First Person view) dronlarini yetkazib bermoqchi ekani ma’lum qilingandi.
LiveBarchasi