Ukraina AQSH bilan tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuvga erishdi – OAV

Olam

image

Ukraina va AQSH tabiiy resurslar bo‘yicha bitim tuzdi. Vashington dastlab taklif qilingan eng qat’iy shartlardan, xususan, AQSH Ukraina qazilma boyliklaridan olinadigan potensial 500 milliard dollar daromadga egalik qilish talabidan kechgan. Bu haqda Ukraina rasmiylariga tayanib, “Financial Times” xabar berdi.

Nashr manbasining ta’kidlashicha, Kiyev yanada qulay shartlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan va ushbu bitimni AQSH bilan hamkorlikni mustahkamlash imkoniyati sifatida taqdim etgan. Bu esa uch yillik urushdan keyin Ukraina iqtisodiyotini tiklashga xizmat qilishi kerak.

Joriy yil 24 fevral kuni tasdiqlangan yakuniy kelishuv matniga ko‘ra, tomonlar maxsus fond tashkil etishga kelishib olgan. Ukraina foydali qazilmalar, neft va gaz qazib olishdan keladigan daromadning 50 foizini ushbu fondga yo‘naltiradi. Fond mablag‘lari faqat mamlakat ichidagi loyihalarga investitsiya qilish uchun ishlatiladi. Mavjud davlat resurslariga ta’sir qilmaydi, ya’ni Naftogaz va Ukrnafta kabi yirik neft va gaz ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning faoliyati o‘zgarishsiz qoladi. Biroq bitim AQSH tomonidan xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashni o‘z ichiga olmaydi, bu esa ilgari Kiyev tomonidan talab qilingan edi. Shuningdek, AQSHning fonddagi ulushi va aktivlarni birgalikda boshqarish mexanizmlari hali ham ochiq masala bo‘lib qolmoqda va bu bo‘yicha qo‘shimcha muzokaralar talab etiladi.

Zelenskiy qarshisidagi 3 ta halokatli yo‘l. AQSH Ukrainaga turli takliflar yubordi north_east

Zelenskiy qarshisidagi 3 ta halokatli yo‘l. AQSH Ukrainaga turli takliflar yubordi

Kelishuv Ukraina Adliya, Iqtisodiyot va Tashqi ishlar vazirlari tomonidan allaqachon ma’qullangan. Endi hujjat Oliy Radada tasdiqlanishi lozim. Yaqin haftalarda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSHga tashrif buyurib, AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan bitimni rasmiy ravishda imzolashi kutilmoqda.

“Bu Prezident (Zelenskiy) uchun umumiy kelajak strategiyasini muhokama qilish imkoniyati bo‘ladi, shundan keyin biz keyingi qadamlarni belgilaymiz”, deydi nashr manbasi.

Qayd etish joiz, Vladimir Zelenskiy tabiiy resurslarga oid tashabbusni 2024 yil sentyabrda e’lon qilingan “g‘alaba rejasiga” kiritgan edi. Donald Tramp esa Ukrainaga yordam evaziga mamlakatning tabiiy boyliklariga kirish huquqiga ega bo‘lishga umid qilayotganini bildirgan. Muzokaralar davomida Vashington Ukrainaga bir nechta shartnomalar variantlarini taklif qilgan.

Dastlabki takliflardan biri AQSHga fond ustidan to‘liq nazorat berishni nazarda tutgan edi. Biroq Ukraina buni qabul qilib bo‘lmas shart deb topdi va natijada ushbu talab yakuniy hujjatdan chiqarib tashlandi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Donald Tramp agar AQSHga 500 milliard dollarlik nodir yer metallar yetkazib berish va’da qilinsa, Ukrainaga yordam davom ettirilishini bildirgan edi. Biroq 14 fevral kuni Germaniyada o‘tgan Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH bilan metallar bo‘yicha kelishuvni imzolashdan bosh tortdi. U hujjat AQSHga Ukrainadagi kelajakdagi foydali qazilma zaxiralarining 50 foiziga egalik qilish huquqini berishi kerak edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya-Ukraina Ukraina tabiiy resurs

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing