Zelenskiy qarshisidagi 3 ta halokatli yo‘l. AQSH Ukrainaga turli takliflar yubordi

Olam

image

Foydali qazilmalarga kirish huquqiga ega chiqishni nazarda tutuvchi kelishuv bo‘yicha muzokaralar boshlanganidan beri Vashington Kiyevga bitimning uchta variantini taklif qildi. Bu haqda “The Economist” xabar berdi.

Nashr bu kelishuvlarni “yomon”, “taklif qilinganlarning eng yaxshisi” va “halokatli” deya ta’rifladi. “The Economist” kelishuvni “Ukraina rad eta olmaydigan taklif” deb atamoqda.

Ukrainalik manbalarning ma’lum qilishicha, kelishuv g‘oyasi Ukraina tomoniga 2024 yilning sentyabrida kelgan. O‘shanda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kelajakda xavfsizlik yordami va NATOga taklif evaziga AQSHga qazib olish huquqini berishni taklif qilgan.

Ammo AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashington Kiyevga allaqachon ko‘rsatgan yordam uchun kompensatsiya sifatida Ukraina resurslari va infratuzilmasini talab qilib, bu g‘oyani ostin-ustun qildi.

Nashr manbalariga ko‘ra, muzokaralar boshlanganidan beri Ukraina rasmiylari AQSH muzokarachilarining ketma-ket uchta guruhi bilan uchrashgan, ularning har biri kelishuvning o‘ziga xos versiyasini ilgari surmoqda.

Shunday qilib, kelishuvning birinchi, “yomon” versiyasini 12 fevral kuni AQSH Moliya vaziri Skott Bessent Zelenskiyga taqdim etgan. “Financial Times” nashrining yozishicha, amerikalik vazir Ukraina Prezidentidan Qo‘shma Shtatlarga tabiiy resurslar uchun 500 milliard dollar tovon to‘lashni talab qiluvchi shartnomani imzolashni talab qilgan. Aytilishicha, Zelenskiy Bessent bilan muzokaralar chog‘ida “juda g‘azablangan”.

Qayd etilishicha, shartnomaning ikkinchi varianti, “[taklif qilinganlarning] eng yaxshisi” Ukraina tomoniga Trampning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog va AQSH vitse-prezidenti Jeyms-Devid  Vens tomonidan Myunxen xavfsizlik konferensiyasida taqdim etilgan.

“The Economist” nashrining yozishicha, birinchi versiya singari, ikkinchi versiyada ham Ukrainaga mudofaa ishlarida yordam berish va’dalari yo‘q, faqat Qo‘shma Shtatlar tomonidan qazib olingan resurslarni himoya qilish to‘g‘risidagi banddan tashqari. Ammo, Ukraina hukumatidagi manbaning ta’kidlashicha, ikkinchi versiyada “qazilmalarga kirish huquqini xayoliy qarzni to‘lash sifatida ko‘rsatishga urinish bo‘lmagan”.

Ikkinchi variantga javoban Ukraina qarshi taklif bilan chiqqan, biroq uning mohiyatini nashr oshkor etmagan.

Biroq, “The Economist”ning yozishicha, 20 fevral kuni Kiyev kelishuvning uchinchi, “halokatli” versiyasidan “hayratda qolgan”, uning ortida esa AQSH Savdo vaziri Xovard Lutnik turibdi.

“Ukrainaga avvalgi barcha muzokaralarni unutib, kichik foyda evaziga resurslarni o‘tkazish g‘oyasiga ko‘nikish kerakligi aytildi. Rozi bo‘ling yoki keting – va urushni yutqazing”, deb yozadi “The Economist”.

Ushbu versiyaga ko‘ra, AQSH Ukrainadan kelajakdagi davlat daromadlarining 50 foizini tabiiy resurslar va infratuzilma, jumladan, portlardan AQSH hukumatiga tegishli yangi investitsiya fondiga o‘tkazishni talab qilmoqda. Ushbu jamg‘armaga badallar jamg‘armaning umumiy miqdori 500 milliard dollarga yetguncha davom etadi. 

“Bu miqdor Trampning urush boshlanganidan beri Amerika Ukrainaga yordam uchun qancha mablag‘ sarflagani haqidagi juda oshirib yuborilgan da’volariga mos keladi. Hukumat daromadlarining hozirgi darajasida bu yuzlab yillarni oladi”, deya ta’kidlaydi “The Economist”.

“Agar biz buni xuddi shunday imzolasak, ertaga bizni ofisdan haydab chiqishadi va g‘azablangan olomon bizni osadi”, deydi Nashr bilan suhbatlashgan Ukraina rasmiylaridan biri.

Nashrning ukrainalik manbalari kelishuv bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolganini inkor etmoqda. Biroq, ularning aytishicha, muzokara olib borayotgan uchta jamoadan qaysi biri bilan gaplashish kerakligi har doim ham aniq emas.

AQSH Moliya vazirligi hattoki Kiyevga kelishuvning Latnik versiyasi taqdim etilganida ham muzokaralar uchun mas’ul ekanini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Donal'd Tramp Rossiya-Ukraina Vladimir Zelenskiy Skott Bessent Jeyms-Devid  Vens

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing