Ukraina harbiy samolyoti birinchi marta Rossiyadagi nishonga hujum qildi – OAV
Olam
−
10 iyun
15007Kecha, 9 iyun kuni urush boshlanganidan beri birinchi marta Ukraina harbiy samolyoti Rossiyaning xalqaro tan olingan hududi – Belgoroddagi nishonga zarba berdi. Bu haqda Ukrainadagi harbiy manbasiga tayanib, “Sky News” telekanali xabar berdi.
Havo hujumi oqibatida Belgorod hududidagi qo‘mondonlik punktiga zarba berilgani aytilmoqda. Biroq ma’lumotlar rasman tasdiqlanmagan.
Hujumda qanday qurollar qo‘llangani, xususan, gap G‘arb davlatlari yetkazib bergan raketalar haqida ketayotgani noma’lum. May oyi oxirida ma’lum bo‘lishicha, Kiyevga eng yirik qurol yetkazib beruvchilar, jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya Ukraina harbiylari tomonidan Rossiyadagi nishonlarga qarshi o‘z qurollaridan foydalanishga qo‘yilgan ayrim cheklovlarni bekor qilgan.
“Zararni baholash davom etayotgan bo‘lsa-da, bu to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba bo‘lganligi tasdiqlandi. Bu Ukraina harbiy-havo kuchlari tomonidan Rossiya hududidagi nishonga berilgan birinchi havo zarbasidir”, deydi manba.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina samolyotlari anneksiya qilingan Qrimdagi nishonlarga, shu jumladan Britaniyaning Storm Shadow raketalaridan foydalangan holda bir necha bor zarba bergan.
Rasmiy ravishda na Rossiya, na Ukraina harbiylari "Sky News" xabariga izoh bermadi. Yakshanba kuni tushdan keyin Belgorod viloyatida katta yong‘in haqida xabar paydo bo‘ldi. Undan oldin portlashlar sodir bo‘lgani taxmin qilingan. Bir qator Telegram-kanallarida o‘q-dorilar ombori urilgan bo‘lishi mumkinligi xabar qilingan bo‘lsa, Rossiya rasmiylari turar-joy bo‘lmagan bino yonayotgani, Rossiya Mudofaa vazirligi esa Belgorod viloyati osmonida uchuvchisiz samolyot urib tushirilganini ma’lum qildi.
Bu yil Ukrainaga F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish boshlanishi kutilmoqda. Niderlandiya va Daniya kabi qator davlatlar Ukrainaning ushbu samolyotlardan zarbalar berishda, jumladan, Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga qarshi foydalanishini cheklamasliklarini ma’lum qilgan.