O‘qituvchilarni tun-u kun navbatchilikka majburlagan direktor ishdan olindi
3-sahifa
−
06 yanvar 5874 1 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi maktabda o‘qituvchilar tun-u kun navbatchilikda turishga majbur qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, holat o‘rganilganda tuman hududidagi 37-umumta’lim maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘lib ishlab kelayotgan X.N. tomonidan pedagogik jamoaga ularning lavozim majburiyatiga kirmaydigan vazifa yuklangani – amaldagi tartiblarga zid ravishda navbatchilik qilishlari talab etilgani aniqlangan.
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining bugun, 6 yanvardagi buyrug‘iga asosan 37-umumta’lim maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi X.N. vazifasidan ozod etilgan.
“Tizim rahbarlari kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymasliklari yuzasidan ogohlantirildi. Hurmatli ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari va foydalanuvchilaridan bitta maktabdagi jarayonni butun tizimdagi holat sifatida baholamasliklarini so‘rab qolamiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi 11-sonli umumta’lim maktabida o‘quvchiga nisbatan qo‘pol jismoniy harakatlar sodir etgan o‘qituvchi ishdan olingan edi.
Live
Barchasi