Eski muammo, yangi qurbon. Turkiyadagi litseyda yana otishma bo‘ldi

Tahlil

Reklama
0:00

Bola oiladan keyin o‘zini eng xavfsiz his qilishi kerak bo‘lgan joy maktab. Ammo Turkiyada so‘nggi oylarda ta’lim muassasalarida sodir bo‘layotgan qurolli va pichoqli hujumlar bu tasavvurni jiddiy sinovdan o‘tkazmoqda. O‘quvchilarning qurol bilan maktabga kirishining o‘zi dahshatli. O‘qituvchilar o‘z o‘quvchilari tomonidan otib o‘ldirilishi esa undan-da dahshatli. Anglaganingizdek, Turkiyada maktab xavfsizligi va yoshlar orasidagi zo‘ravonlik muammosi yana kun tartibiga chiqdi. Yaqin daqiqalar ichida shular haqida gaplashamiz.

Litseyda qurolli hujum

Navbatdagi hodisa bugun, 22 sentyabr kuni Manisa viloyatining Turgutlu tumanida sodir bo‘ldi. Inji Uzmez kasb-hunar va texnik Anado‘lu litseyi oldida qurollangan shaxs atrofga o‘q uzgan. Manisa viloyati hokimligi dastlab 8 kishi yaralanganini ma’lum qilgan bo‘lsa, keyingi xabarlarda jarohatlanganlar soni kamida 11 nafarga yetgani aytilmoqda. Gumonlanuvchi qo‘lga olingan, hodisa yuzasidan tergov boshlangan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi 9-sinf o‘quvchisi bo‘lgan. U buvisining uyidan olingan ov miltig‘idan foydalangani aytilmoqda. Hozircha hujum sababi rasman aniqlanmagan, tergov doirasida maktabdagi zo‘ravonlik ehtimoli ham ko‘rib chiqilmoqda.

Bu Turkiyada yil davomida ta’lim muassasalarida sodir bo‘lgan birinchi shunday hodisa emas.

O‘qituvchi o‘z o‘quvchisi tomonidan o‘ldirildi

Joriy yilning 2 mart kuni ham butun Turkiyani larzaga solgan voqea sodir bo‘lgandi. Istanbulning Chekmeko‘y tumanidagi Bo‘rsa Istanbul kasb-hunar va texnika Anado‘lu litseyida 17 yoshli o‘quvchi maktab ichida pichoq bilan hujum uyushtirgan. U 44 yoshli biologiya fani o‘qituvchisi Fotima Nur Chelik hamda yana bir o‘qituvchi va o‘quvchiga hujum qilgan.

Og‘ir jarohat olgan Fotima Nur Chelik shifoxonaga olib ketilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan. Boshqa ikki jabrlanuvchiga esa tibbiy yordam ko‘rsatilib, davolanishni davom ettirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hujum qilgan o‘quvchi avval ham maktabda intizom bilan bog‘liq muammolarga sabab bo‘lgan. Vafot etgan o‘qituvchi Fotima Nur Chelik ham bundan oldin Intizom qo‘mitasi yig‘ilishida ushbu o‘quvchi haqida gapirib, maktabdagi xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlarini bildirgan.

Hodisadan so‘ng litseyda darslar vaqtincha to‘xtatilgan va xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Voqea yuzasidan tergov boshlangan, keyinchalik ikki nafar ta’lim mansabdori lavozimidan chetlashtirilgan.

Iyun oyida sud mazkur hujumni sodir etgan o‘quvchiga nisbatan hukm chiqardi. U 37 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.

Qayd etish joiz, Turkiyadagi yoshlar, ayniqsa, o‘smir o‘quvchilar orasida iqtisodiy yetishmovchilik, kelajak xavotirlari ruhiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu esa o‘z navbatida ijtimoiy soha xodimlariga aks ta’sir etmoqda. Mazkur hodisa mamlakatda sezilayotgan moddiy va ijtimoiy taranglik, yoshlardagi beqarorlikning hosilasi deyish mumkin.

Aprelda ikki kun ichida ikki hujum

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, aprel oyida Turkiya maktablarida ketma-ket ikkita qurolli hujum sodir bo‘ldi.

14 aprel kuni Shonliurfa viloyatining Siverek tumanidagi Ahmad Ko‘yunju kasb-hunar va texnik Anado‘lu litseyida sobiq o‘quvchi o‘qotar quroldan foydalangan. Hujumda 16 kishi, jumladan o‘quvchilar va o‘qituvchilar yaralangan. Hujum qilgan shaxs keyinchalik politsiya tomonidan qurshab olingach, o‘z joniga qasd qilgan.

Ertasi kuni esa Qahramonmarash viloyatidagi Ayser Chalik o‘rta maktabida 14 yoshli o‘quvchi ikki sinfga qarata o‘q uzgan. Dastlab 9 kishi halok bo‘lgani, 13 kishi yaralangani ma’lum qilingan, keyinchalik shifoxonada yana bir jabrlanuvchi vafot etib, qurbonlar soni 10 nafarga yetgan. Halok bo‘lganlar orasida o‘qituvchi va o‘quvchilar ham bor.

Shunday qilib, 2026 yilning mart, aprel va sentyabr oylarida Turkiyadagi ta’lim muassasalarida o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirokidagi bir necha jiddiy zo‘ravonlik holatlari qayd etildi.

Muammo faqat quroldami?

Bu hodisalarni birgina sabab bilan izohlash qiyin. Hujumlarning motivlari ham bir-biridan farq qiladi va ayrimlari bo‘yicha tergov hanuz davom etmoqda. Shu sababli ularni bevosita iqtisodiy qiyinchilik yoki ruhiy muammolarning oqibati deb baholash uchun yetarli asos yo‘q.

Biroq ketma-ket sodir bo‘layotgan voqealar Turkiyada yoshlar bilan ishlash, maktablarda xavfsizlik, zo‘ravonlikning oldini olish va o‘quvchilarning muammolarini erta aniqlash masalalarini muhokama qilishga sabab bo‘lmoqda.

Ayniqsa, qurollarning voyaga yetmaganlar qo‘liga qanday tushayotgani muhim savollardan biri bo‘lib qolmoqda. Apreldagi Qahramonmarash hujumida ishlatilgan qurollar hujum qilgan o‘quvchining otasiga tegishli bo‘lgani aytilgan. Sentyabr oyidagi Manisa hujumida esa qurol buvisining uyidan olingani haqida ma’lumot berildi.

Demak, masala faqat maktab darajasidagi nazorat bilan cheklanmaydi. Oilada qurol saqlanishi, maktabdagi xavfsizlik, o‘smirlar orasidagi zo‘ravonlik, ruhiy va ijtimoiy muammolarni o‘z vaqtida aniqlash kabi bir nechta omil birgalikda ko‘rib chiqilishi kerak.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing