O‘qituvchi xor – kuradi qor. Angrenda nima bo‘ldi? (video)

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Angren shahar prokurori Ulug‘bek Qobiljonov maktablardan birini ko‘zdan kechirayotib, muassasa hududi qordan tozalanmaganidan e’tiroz bildirgani tasvirlangan video tarqaldi.

“22-maktabdamiz, umuman tozalanmagan qordan. Mana 2-3 kundan keyin maktab boshlanadi. Umuman tozalanmagan. O‘qituvchilari ham yo‘q, oylik olib yotishibdi, bekordan bekor. Hamma maktab o‘ziga xulosa qilsin. 4 ta sektor yuribmiz mana. Hokim – bosh, “nachalniy melisa”miz. Umuman tozalanmagan. Xulosa qilinglar, bo‘lmasa biz xulosa qilamiz”, deya prokuror, o‘zi holatni videoga olgan.

Ushbu videodan so‘ng ingliz tiliga ixtisoslashtirilgan maktab o‘qituvchilari prokuror tanqididan keyin maktabni tozalashga chiqqani haqida kinoyali post qoldirgan va suratlarni e’lon qilgan.

“Prokuror so‘zi biz uchun qonun! O‘qituvchilar tozalamayapti deb tanqid qilgandan so‘ng, darrov o‘qituvchilar yetib kelib qorlarni tozalab tashlashdi. 4 ta sektordan o‘qituvchilarga yana kimning qanday buyrug‘i bor? O‘qituvchilar yig‘ilib turganda aytib olinglar. Oyligini halollab olishsin!” deya kinoya qiladi muallif.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova holat yuzasidan munosabat bildirib, holat Bosh prokuratura nazoratiga olinganini ma’lum qilgan.

“Bosh prokuratura rahbariyati bilan gaplashdim, holat ayni damda nazoratga olingan va o‘rganilmoqda. Prezidentimizning tegishli qarorlariga asosan pedagog xodimlarni xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish qat’iyan taqiqlanganini eslatib o‘taman. O‘qituvchi qadrlanmagan yurt hech qachon taraqqiy etmaydi. Shu bois barchadan, jumladan, mutasaddi rahbarlarimizdan bugun davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan o‘qituvchilarni ulug‘lash va jamiyatda eng obro‘li inson qilish davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlab, bu borada eng avvalo o‘zimiz o‘rnak ko‘rsatishimizni so‘rab qolaman”, degan vazir.

Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “Zo‘rlab ishlatish yoki majburiy mehnat to‘g‘risida”gi Konvensiyaning (Jeneva, 28.06.1930) 6-moddasiga asosan ma’muriyat amaldorlari, hatto ularning vazifasi ularga ishonib topshirilgan aholini qandaydir mehnat shakli bilan band qilishga ko‘maklashishdan iborat bo‘lsa-da, ushbu aholi yoki alohida shaxslarni xususiy shaxslar, kompaniyalar yoki tashkilotlar uchun ishlashga majbur qilishi mumkin emasligi haqida post qo‘yilgan.

Toshkent viloyati prokuraturasining ma’lum qilishicha, Angren shahar prokurori Ulug‘bek Xabiljonov faoliyatda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun intizomiy jazoga tortilgan.

Shundan so‘ng Angren shahar prokurori Ulug‘bek Xabiljonov muhokamalarga sabab bo‘lgan holat yuzasidan majburiy mehnatga jalb qilingan o‘qituvchilardan uzr so‘rab, videomurojaat yo‘llagan. U o‘qituvchilarni qor kurashga chaqirmaganini, aksincha, maktab ma’muriyatiga holatni bartaraf etish uchun mas’ul xodimlarni jalb qilishni so‘raganini ro‘kach qildi.

“Men maktab hududini tozalash uchun o‘qituvchilarimiz safarbar qilinishini nazarda tutmaganman. Men ushbu holatdan qattiq afsusdaligimni bildirib, barcha murabbiy va o‘qituvchilardan uzr so‘rab qolaman”, deya qo‘shimcha qilgan prokuror.


Maqola muallifi

Teglar

O'qituvchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made