Uzr chelenj davom etadi. Navbat o‘qituvchilarni sazoyi qilgan tuman hokimiga
Jamiyat
−
09 fevral 2022
16506Kecha, 8 fevral kuni Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchilar ta’lim sifati, o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar oldida bosh egib, kechirim so‘rashga majbur qilingani haqida xabar bergan edik. Marhamat tumani hokimi Boburjon Yo‘ldoshev hududidagi maktabda bo‘lgan sharmandalik uchun o‘qituvchilardan uzr so‘rab chiqdi.
“Assalomu alaykum, hurmatli ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari. Men Marhamat tumani hokimi Yo‘ldoshev Boburjonman. Marhamat tumanida o‘qituvchilarning uzr so‘rashi bo‘yicha keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan postlar bo‘yicha munosabat bildirmoqchiman. Muhtaram Prezidentimizning ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘tkizgan selektoridan so‘ng, viloyatimiz hokimi tomonidan tuman va maktablarda qilinadigan ishlar bo‘yicha aniq topshiriqlar, o‘z o‘rnida, hech bir rahbar, o‘qituvchilarga chora ko‘rmaslik bo‘yicha aniq topshiriq bergan”, deydi tuman hokimi.
Shuningdek, u bo‘lib o‘tgan holat yuzasidan o‘qituvchilardan uzr so‘rab, doimo ustoz va murabbiylarni qo‘llab quvvatlashini aytdi.
“Marhamat tumanida o‘qituvchi va ota-onalar hamkorligida o‘tkazilgan yig‘ilishdagi holatlar o‘qituvchilarning ruhiyatiga ta’sir qilgan bo‘lsa, men Marhamat tumani hokimi sifatida barcha ustoz va murabbiylardan uzr so‘rayman. Ustoz va murabbiylarni qo‘llab-quvvatlab, ularga yelkadosh bo‘lib, ta’lim sifatini oshirish va yetuk insonlar tarbiyalashda kamarbasta bo‘lamiz”, deydi Yo‘ldoshev.
Bugun, 9 fevral kuni Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov holatga munosabat bildirib, o‘qituvchilardan uzr so‘radi.
Qolaversa, Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov Marhamat tumanida o‘qituvchilarni o‘quvchilarning ota-onasidan uzr so‘ratish tuman hokimi Boburjon Yo‘ldoshevning tashabbusi bo‘lganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, maktab o‘qituvchilari va ota-onalar yig‘ilishi Marhamat tumani hokimidan chiqqan tashabbus bo‘lib barcha maktablarda o‘tkazishga topshiriq berilgan. Shu sababdan XTB boshlig‘i tuman hokimining mazkur holat bo‘yicha shaxsan o‘zining munosabat berishini qat’iy talab qilgan.
LiveBarchasi