O‘qituvchilarga milliy sertifikat olishi uchun subsidiya ajratiladi

Jamiyat

image

O‘qituvchilarga milliy va xalqaro sertifikatlar olishi uchun subsidiyalar ajratiladi. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 5 fevral kuni qabul qilingan “2026 yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.

Qarorga ko‘ra, joriy yil 1 martdan “mahalla yettiligi” xulosasiga asosan Ijtimoiy reyestrdagi I guruh nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan oilalar xonadonlarining devor va tomlarini izolyatsiya qilish, energiya tejamkor deraza va eshik hamda quyosh panellari yoki geliokollektor o‘rnatish ishlari amalga oshiriladi.

2026 yil 1 martdan og‘ir toifadagi tumanlarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar yillik 12 foiz stavkada ajratib boriladi.

2026 yil 1 martdan xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi tuman va shahar hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

2026 yil 1 iyuldan 2028 yil 1 yanvarga qadar Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kasbiy ta’lim sifatini oshirishga yo‘naltirilgan quyidagi turdagi subsidiyalar joriy etiladi:

o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga xalqaro miqyosda tan olingan kasbiy ta’limga oid sertifikatlar, shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat asosida milliy sertifikatlarni olish uchun sarflangan mablag‘larning 50 foizi, biroq BHMning 20 baravarigacha;

malakani baholash markazlarini tashkil etgan tadbirkorlarga xarid qilingan baholash vositalari xarajatlarining 30 foizi, biroq BHMning 200 baravaridan oshmagan miqdorda qoplab beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan xorijiy til o‘qituvchilari uchun kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro til sertifikatini olish muddati 2026-2027 o‘quv yili boshiga qadar uzaytirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

subsidiya O'qituvchilar milliy sertifikat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing