O‘g‘rilik qilgan deputat iste’foga chiqdi – Yangi Zelandiyada (video)

Olam

image

Yangi Zelandiya Yashillar partiyasi deputati Golriz Gahraman uchta do‘konda o‘g‘rilik qilgani bo‘yicha ayblov ortidan iste’foga chiqdi. Bu haqda “New Zealand Herald” nashri xabar berdi.

"Ruhiy salomatligim uchun eng yaxshisi - bu parlament a’zoligidan voz kechish va o‘zimga e’tibor berish", degan Gahraman.

Bildirilishicha, asli eronlik bo‘lgan Gahraman uchta do‘kondan qimmatbaho narsalarni o‘g‘irlaganlikda gumonlanyapti. Birinchi ikkita holat o‘tgan yilning dekabr oyida Oklenddagi Scotties butigida, yana biri oktyabr oyida Vellingtondagi Cre8iveworx do‘konida sodir etilgani ma’lum bo‘lgan. Sobiq deputatga nisbatan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Gahramanning aniqlik kiritishicha, bunday xatti-harakatlar aslida unga xos emas. Ushbu illat ishdagi stress tufayli yuzaga kelgan psixologik tushkunlik bilan bog‘liq. Shu bilan birga, u o‘z aybini tan olgan va kechirim so‘ragan.

"Men o‘z harakatimni oqlamayman, lekin meni ham tushunishlarini istayman", degan 42 yoshli Gahraman.

Ma’lumot uchun, Gahraman Eronda tug‘ilgan va oilasi bilan Yangi Zelandiyada boshpana topgan BMTning inson huquqlari bo‘yicha sobiq advokati bo‘lgan. U 2017 yilda qasamyod qilgan va Yangi Zelandiya hukumatida ish boshlagan qochqinlar bo‘yicha birinchi deputat bo‘lib tarixda qoldi. Endi esa uning parlamentdagi o‘rnini Vellingtonning sobiq meri Seliya Ueyd-Braun egallashi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainada deputat qishloqdagi yig‘ilish paytida granata portlatgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Yangi Zelandiya deputat O'g'rilik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing