60 dan ortiq fuqaroni o‘margan kiberjinoyatchilar ushlandi (video)
3-sahifa
−
17:04 1613 2 daqiqa
Buxoro viloyatida Telegram orqali fuqarolarning telefonlariga zararli APK fayllar yuborib, bank kartalaridagi mablag‘larni o‘g‘irlagan kiberjinoyat guruhi fosh etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, viloyat IIB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jinoyat sxemasiga aloqador shaxslar aniqlangan. Dastlabki tergovda guruh ortida Samarqand viloyatida yashovchi 20 yoshga to‘lmagan yigit va uning turli hududlardagi sheriklari turgani aniqlangan.
Gumonlanuvchilar Telegram tarmog‘idagi yashirin boshqariladigan akkauntlar orqali fuqarolarga zararli APK fayllarni yuborgan. Ushbu fayllar telefonlarga o‘rnatilgach, qurilmadagi bank ma’lumotlari hamda pul o‘tkazmalarini tasdiqlash uchun keladigan SMS-kodlar jinoyatchilar nazoratiga o‘tgan.
Shundan so‘ng o‘g‘irlangan mablag‘lar begona shaxslar nomiga ochilgan tranzit bank kartalari va soxta akkauntlarga o‘tkazib yuborilgan.
Tezkor tadbirlar davomida o‘nlab bank kartalari, SIM-kartalar va maxsus mobil qurilmalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan. Jinoyat sxemasidan respublika bo‘ylab 60 nafardan ortiq fuqaro jabrlangani aniqlangan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida fuqaroning elektron hamyonlari orqali 14 milliard 827 million so‘mdan ortiq kriptovalyuta noqonuniy ayirboshlanganligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi