O‘g‘lini kaltaklab, o‘zi bilan birga ketishga majburlagan ota qamaldi (video)

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zi bilan yashashni xohlamagan o‘g‘lini kaltaklayotgan ota tasvirlangan video tarqaldi va keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur holat bo‘yicha Bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, holat joriy yilning 23 mart kuni sodir bo‘lgan. Surxondaryo viloyati Denov tumanida tug‘ilgan voyaga yetmagan E.Ya. Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi tog‘asiga tegishli qurilish mollari do‘konida bo‘lgan vaqtida otasi M.X. (1981 yilda tug‘ilgan) kelib, E.Ya. ni o‘zi bilan olib ketishini aytgan. Biroq o‘g‘li u bilan ketishni xohlamasligini, otasi bilan onasining o‘zaro janjallari sabab ular bilan birga yashamasligini ma’lum qilgan. Otasi esa o‘g‘lini zo‘rlik ishlatib olib ketmoqchi bo‘lgan. 

Mazkur holat bo‘yicha tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan.

O‘rganish davomida aniqlanishicha, bu oilada er va xotin o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik holatlari muntazam ravishda kuzatilganligi sababli joriy yilning 2 fevral kuni O‘rta Chirchiq tumani IIB tomonidan M.X. ni tazyiq harakatlarini cheklash maqsadida uning turmush o‘rtog‘i S.M. ga himoya orderi berilgan. 

O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasiga ko‘ra, ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, materiallar qonuniy hal etilishi uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha sudga yuborilgan.

Kecha, 27 aprel kuni M.X. sud tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- (Mayda bezorilik) va 185- (2) moddalari (Sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish) bo‘yicha aybdor deb topilib, unga 5 sutka qamoq jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Toshkent shahrining Uchtepa tumanida o‘g‘lini qo‘shni bolani urishga majburlagan otaga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq va bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari – 3 million 400 ming so‘m jarima jazosi tayinlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent ota o'g'il

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing