Uchinchi jahon urushi boshlanishi ehtimoli ortyapti – Siyyarto 

Olam

image

Ukrainadagi urushda qatnashayotgan davlatlar va barcha manfaatdor tomonlar zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlashlari kerak, chunki buning uchun shartlar kundan-kunga yomonlashmoqda. Bu haqda Vengriya Tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto bugun, 18 iyul kuni BMT Xavfsizlik kengashining Ukraina bo‘yicha yig‘ilishida aytib o‘tdi.

“Ushbu mojaroning yechimi jang maydonida emas, balki muzokaralar stolida. Buning uchun shart-sharoitlar hali ishlab chiqilmaganini tez-tez eshitamiz. Biroq nizoni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga erishish uchun sharoitlar kundan kunga yomonlashmoqda”, degan Vengriya TIV rahbari.

Shu bois u imkon qadar tezroq o‘t ochishni to‘xtatishga erishish va Ukrainada tinchlik o‘rnatish uchun muzokaralarni boshlash zarurligini ta’kidlagan.

Siyyartoning aytishicha, barcha G‘arb davlatlari mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish chaqiriqlarini qo‘llab-quvvatlamayapti. Biroq Vengriya, garchi buning uchun tanqid qilinayotgan bo‘lsa-da, bu yo‘nalishga amal qilishda davom etish niyatida.

“Umid qilamizki, xalqaro hamjamiyat Ukrainani qurol bilan emas, balki ko‘proq tinchlik bilan ta’minlaydi”, deya qo‘shimcha qilgan vazir.

Shuningdek, u xalqaro hamjamiyat Rossiya bilan aloqa kanallarini ochiq tutishi kerakligini bildirgan.

Bundan tashqari, Peter Siyyarto xalqaro xavfsizlik so‘nggi 80 yildagi eng katta tahdid ostida ekanini qo‘shimcha qilgan.

“Xalqaro xavfsizlik sohasidagi vaziyat hozir oxirgi 80 yildagi eng yomoni. Yadro salohiyati haqida gap-so‘zlarni tobora ko‘proq eshityapmiz va uchinchi jahon urushi boshlanishi ehtimoli har qachongidan ham yuqori”, deydi Siyyarto.

Vazir global muammolar haqida gapirar ekan, Vengriya eng qashshoq mamlakatlarni oziq-ovqat bilan uzluksiz ta’minlash tarafdori ekanini aytgan. Avvalroq Vengriya hukumati Ukrainadan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha don kelishuvini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan va bu loyihani saqlab qolishga chaqirgan edi. Siyyarto o‘z nutqida bu Don yo‘lagini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilga olmagan, lekin shunga ishora qilgan.

“Men oziq-ovqat taqchilligi osongina xavfsizlik muammolariga olib kelishi mumkin bo‘lgan dunyoning zaif hududlarida ta’minotning uzluksizligi muhimligini aytmoqchiman. Bu muammolar dastlab mahalliy bo‘lishi mumkin, biroq keyinchalik ular boshqa hududlarga tarqalib, global tus oladi. Bu ham terrorchilik tahdidining paydo bo‘lishi uchun zamin yaratadi”, deydi Vengriya TIV rahbari.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Ukraina Vengriya Siyyarto

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing