Uch viloyatda yana 32 kishi koronavirusdan sog‘aydi
Jamiyat
−
08 may 2020
9390O‘zbekistonning bir yo‘la uch hududidan: Sirdaryo viloyatidan 8 nafar, Namangan viloyatidan 22 nafar hamda Andijon viloyatidan 2 nafar, jami 32 nafar bemor butunlay sog‘aydi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
Sirdaryoda sog‘ayganlarning barchasi Qozog‘iston Respublikasidan kelishgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, shifoxonaga yotqizilgan. Ularning 5 nafari Samarqand viloyatidan, 2 nafari Toshkent viloyatidan, 1 nafari esa Sirdaryo viloyatidan. Bemorlarning barchasi erkak bo‘lib, eng yoshi kattasi 44 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 21 yoshda. Ular bugun reabilitatsiyaga kuzatilmoqda. Viloyatda shu paytga qadar 5 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 13 nafarga yetdi.
Namanganda tuzalganlarning barchasi ushbu viloyatdan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Ularning 10 nafari erkak, 12 nafari ayol bo‘lib, eng yoshi kattasi 73 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 7 yoshda. Ular bugun reabilitatsiyaga kuzatildi. Viloyatda shu paytga qadar 137 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 159 nafarga yetdi.
Andijonda darddan forig‘ bo‘lganlarning ikkalasi ham (32 yoshli ayol va 28 yoshli erkak) Andijon shahridan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Ular bugun reabilitatsiyaga kuzatildi. Viloyatda shu paytga qadar 133 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 135 nafarga yetdi.
Ayni paytda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘ayganlar 1688 nafarga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Hozirda virus yuqtirganlar 2314 nafarni tashkil qilyapti. Bugungacha bemorlarning 10 nafari vafot etgan.
LiveBarchasi