Uch tumanda intensiv bog‘lar lizing asosida yetti yilga aholiga beriladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Namangan viloyatida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, aholi bandligini ta’minlash, mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish, har bir hududda sabzavot, kartoshka, dukkakli va moyli ekinlarni yaxlit maydonlarga joylashtirish hamda plantatsiya usulida intensiv va mevali bog‘ hamda tokzorlar barpo etish orqali mahsulot yetishtirish, qayta ishlash hamda eksport hajmini oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

•    Namangan viloyati Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida 2021-2022 yillar hosilidan qisqartiriladigan g‘alla maydonlariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishning prognoz ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;

•    Namangan viloyati Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarini 2021-2022 yillarda bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishlariga hamda sabzavot, kartoshka, dukkakli va moyli ekinlarga ixtisoslashtirish ko‘rsatkichlari 2 va 3-ilovalarga muvofiq;

•    Namangan viloyati Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida 2021-2022 yillarda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, qayta ishlash va eksport hajmlarini oshirish prognoz ko‘rsatkichlari 4-ilovaga muvofiq;

•    Namangan viloyati Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida 2021-2022 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan qayta ishlash tashkilotlari, muzlatkichli omborxona va issiqxona loyihalarining manzilli ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Namangan viloyati hokimligi (Sh.Abdurazakov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

•    2021-2022 yillarda fermer xo‘jaliklarining qisqartiriladigan g‘alla maydonlarini belgilangan tartibda maqbullashtirish;

•    maqbullashtirish jarayonida tumanlar hokimliklari zaxirasiga qaytarilgan yer uchastkalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritadigan qishloq xo‘jaligi klasterlarigaeksport qiluvchi va qayta ishlovchi tashkilotlarga, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga va yangi tashkil etiladigan kooperatsiyalarga belgilangan tartibda ajratilishini ta’minlash;

•    mavjud yer maydonlari va suv resurslaridan samarali foydalanish, mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va eksport hajmini oshirish uchun ekinlarni yaxlit maydonlarga plantatsiya usulida joylashtirish hamda belgilangan eksportbop ekinlarning ekilishini ta’minlash

•    qayta ishlash va eksport hajmlarini uch baravarga oshirish uchun qayta ishlash tashkilotlari, muzlatkichli omborxonalar va logistika markazlarini 2021-2022 yillar davomida to‘liq ishga tushirish hamda ishlashini ta’minlash;

•    har bir tumanda urug‘lik va ko‘chatlar bilan ta’minlash imkoniyatidan kelib chiqib, sabzavot ekinlari va kartoshka urug‘chiligiga hamda mevali daraxt va tok ko‘chatlari yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarini tashkil etish

•    yaroqsiz deb topilgan, iqtisodiy jihatdan samarasizkam hosilli bog‘ va tokzorlar o‘rnida intensiv bog‘ va tokzorlar barpo qilish yoki eksportbop va serdaromad qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish choralarini ko‘rsin.

3. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.Xodjayev) Namangan viloyati hokimligi (Sh.Abdurazakov) bilan birgalikda Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasini yanada rivojlantirish, ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida tumanlardagi qishloq xo‘jaligi bo‘limlarining vazifalarini qayta ko‘rib chiqib, takomillashtirish choralarini ko‘rsin.

4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

•    Namangan viloyatining Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida sertifikatlangan sabzavot, dukkakli va moyli ekinlar urug‘larini hamda mevali daraxt va tok ko‘chatlarini yetishtiruvchi fermer xo‘jaligi va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan to‘lanadigan yer solig‘i uch yil muddatga 50 foizga kamaytiriladi;

•    2021 yil 1 fevraldan sertifikatlangan sabzavot, poliz, dukkakli va moyli ekinlar urug‘larini hamda mevali daraxt va tok ko‘chatlarini yetishtiruvchi fermer xo‘jaligi va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlari, shuningdek, klasterlar va kooperatsiyalarning urug‘lik va ko‘chat xarid qilish xarajatlarini moliyalashtirish uchun milliy valyutada ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismi, shuningdek, xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining 30 foizigachalekin 3 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

5. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.Xodjayev) quyidagi choralarni ko‘rsin:

a) Suv xo‘jaligi vazirligi (Sh.Xamrayev), O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (A.Xaitov) hamda Namangan viloyati hokimligi (Sh.Abdurazakov) bilan birgalikda:

•    ixtisoslashtirilayotgan hududlarda yaxlitlikka jiddiy e’tibor qaratgan holda 2-3 turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlarini bosqichma-bosqich plantatsiya usulida joylashtirish;

•    har bir hududning ixtisoslashuvi, tuproq-iqlim sharoiti, yerlarning meliorativ holati, unumdorligi, suv bilan ta’minlanganligini hisobga olib hamda qayta ishlovchi, tayyorlovchi va eksport qiluvchi tashkilotlarning talablaridan kelib chiqqan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarini to‘liq ekish;

b) Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Abduraxmanov) va Tashqi ishlar vazirligi (F.Arziyev) bilan birgalikda Yangiqo‘rg‘on tumanida organik mahsulotlar yetishtirish uchun xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, malakali mutaxassislarni jalb etgan holda fermer xo‘jaliklari va kooperatsiyalar rahbarlarini o‘qitish ishlarini tashkil etish.

6. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.Xodjayev) Namangan viloyati hokimligi (Sh.Abdurazakov) bilan birgalikda aholi ishsizligini kamaytirish uchun Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlari hokimliklari tasarrufida zaxiradagi yaxlit 300-500 gektar maydonlarda plantatsiya usulida zamonaviy texnologiyalar asosida intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etiblizing asosida yetti yil muddatga aholiga berish tadbirlarini amalga oshirsin.

7. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.Xodjayev), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (L.Qudratov) tijorat banklari bilan birgalikda Namangan viloyati Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirishda tijorat banklari kreditlari, xalqaro moliya institutlarining kredit liniyalari mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘rsin.

8. Namangan viloyati hokimligi (Sh.Abdurazakov) Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (L.Qudratov), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.Xodjayev) bilan birgalikda Kosonsoy, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida zamonaviy texnologiyalar asosida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va saqlash bo‘yicha yirik klaster korxonalarini tashkil etish uchun xorijiy investorlarni keng jalb qilish choralarini ko‘rsin. 

9. Qishloq xo‘jaligi vazirligi (J.Xodjayev) ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Adliya vazirligi mazkur qarorning ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M.Ganiyev belgilansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021 yil 1 iyun va 2021 yil 15 dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritilsin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan intensiv bog'

Baholaganlar

66

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing