U o‘tmishning sarqiti – Aliyev BMTni “savaladi”

Olam

image

BMT Xavfsizlik Kengashi tarkibi hozirgi voqelikni aks ettirmaydi va unga Qo‘shilmaslik harakati, Islom hamkorlik tashkiloti va Afrika Ittifoqi mamlakatlari vakillarini kiritish kerak. Bu haqda bugun, 5 iyul kuni Bakuda bo‘lib o‘tgan Qo‘shilmaslik harakati muvofiqlashtiruvchi byurosining vazirlar yig‘ilishida qatnashgan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev so‘z ochdi.

“Hozirda xalqaro tashkilotlar, xususan, BMT insoniyat umidlarini oqlamayapti. BMT muqarrar ravishda jiddiy islohotlardan o‘tishi kerak. BMT Xavfsizlik Kengashi o‘tmish yodgorligi bo‘lib, hozirgi voqelikni aks ettirmaydi. Biz Xavfsizlik Kengashi tarkibini yanada vakillik va geografik jihatdan adolatli qilish uchun kengaytirish tarafdorimiz. Bugun dunyoda bu masala bo‘yicha konsensus kuchayib borayotganidan xursandman”, deydi Ozarbayjon rahbari.

Aliyev, Qo‘shilmaslik harakati, Islom hamkorlik tashkiloti va Afrika Ittifoqiga raislik qilayotgan davlatlar veto huquqi bilan BMT Xavfsizlik Kengashida rotatsiya asosida o‘rin olishlari kerakligini ta’kidladi. 

Prezidentning aytishicha, Ozarbayjon yangi mustamlakachilik tendensiyasi kuchayib borayotganidan juda xavotirda. Mustamlakachilikdan chiqarish jarayoni natijasida yaratilgan Qo‘shilmaslik harakati o‘tmishning bu sharmandali merosiga qarshi qat’iy kurash olib borishi, uni butunlay yo‘q qilishga hissa qo‘shishi kerak. 

Bugun, 5 iyul kuni Bakuda Qo‘shilmaslik harakati muvofiqlashtiruvchi byurosining vazirlar yig‘ilishi o‘z ishini boshladi. Unda Tashqi ishlar vazirlari va vazir o‘rinbosarlari ishtirok etmoqda. 

Qo‘shilmaslik harakati 120 ta davlatni birlashtirgan bo‘lib, unda 17 ta davlat va 10 ta xalqaro tashkilot kuzatuvchi maqomiga ega. Harakatning 2019 yil 25-26 oktyabr kunlari Baku shahrida bo‘lib o‘tgan sammitidan so‘ng, Ozarbayjon 2019-2022 yillarda unga raislikni qabul qildi. Keyinchalik mamlakat raisligi yana bir yilga uzaytirildi. O‘zbekiston ham ushbu tashkilotga a’zo bo‘lgan. 

Qayd etish kerakki, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT Xavfsizlik Kengashining besh a’zosini nazarda tutib, doimiy ravishda “dunyo beshdan buyuk” shiorini ilgari surib keladi. U Kengashni isloh qilish zarurligi va insoniyat taqdiri Ikkinchi jahon urushida g‘olib bo‘lgan “bir hovuch davlat”lar marhamatiga qarab qolmasligi kerakligini aytadi.

2022 yilning oktyabr oyida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ham xuddi shunday taklif bilan chiqqan edi. Putinning fikricha, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), shuningdek, tashkilot Xavfsizlik Kengashi tuzilmasini “global xilma-xillik” olib kelish uchun o‘zgartirish kerak.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi besh doimiy va o‘nta doimiy bo‘lmagan a’zolardan iborat. Beshta asosiy davlat – Xavfsizlik Kengashining veto huquqiga ega a’zolari Ikkinchi Jahon urushi natijalariga ko‘ra tuzilgan. Uning tarkibiga AQSH, SSSR (keyinchalik voris sifatida Rossiya), Buyuk Britaniya, Fransiya va Xitoy kirgan. Xavfsizlik Kengashining barcha masalalar bo‘yicha qarorlari, agar ular to‘qqizta ishtirokchi davlat tomonidan, shu jumladan besh doimiy a’zoning bir xil ovozlari bilan ovoz bergan bo‘lsa, qabul qilingan hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev BMT Qo'shilmaslik harakati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing