U G‘arbni, AQSHni, NATOni sinamoqchi – Bayden Putinning rejalari haqida
Olam
−
20 yanvar 2022
9501Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina atrofidagi vaziyatda qanday yo‘l tutish kerakligini hali hal qilmagan. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden ta’kidladi.
“Men u Rossiya uchun yaqin, qisqa muddatli va uzoq muddatli oqibatlarni ko‘rib chiqayotganiga ishonaman. U qaror qabul qilib bo‘lgan, deb o‘ylamayman. Ishonchim komilki, bu qaror butunlay Putinning qarori. Bu qarorni boshqa hech kim qabul qilmaydi. Bu qarorga boshqa hech kim ta’sir qila olmaydi. U bu qarorni qabul qiladi”, degan Bayden.
Jurnalistlar undan keyingi voqealarni bashorat qilishini so‘ragan va Bayden quyidagicha javob bergan:
“Mening taxminimcha, u kiradi. O‘ylaymanki, u G‘arbni sinab ko‘radi, AQSHni sinab ko‘radi, imkoni boricha NATOni sinab ko‘radi. Menimcha, u buning uchun jiddiy va qimmat narx to‘laydi”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Rossiya bir necha bor G‘arb va Ukrainaning “tajovuzkor harakatlar” haqidagi ayblovlarini rad etib, u hech kimga tahdid qilmasligini va hech kimga hujum qilmoqchi emasligini ta’kidlab kelmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, G‘arbning “Rossiya tajovuzkorligi” va Kiyevga undan himoyalanishda yordam berish ehtimoli haqidagi bayonotlari ham kulgili, ham xavfli. Shu bilan birga, so‘nggi paytlarda Kiyev va G‘arb davlatlari Rossiyaning Ukraina chegaralari yaqinida “tajovuzkor harakatlari” kuchaygani haqida xavotir bildirgan. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya o‘z hududi ichida va o‘z xohishiga ko‘ra qo‘shinlarini olib kirayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hech kimga tahdid solmaydi va hech kimni tashvishga solmasligi kerak.