“U gadoy, hech nimasi yo‘q emas”. Usmonova Nazarbekov atrofidagi mish-mishlarga fikr bildirdi (video)
Madaniyat-san’at
−
01 iyun 2023
62291Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston hamda Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yulduz Usmonova Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekovning ochiqlangan MCHJ va shu mavzu atrofida bolalagan xabarlar yuzasidan o‘z fikrini bildirib, video chiqish qildi. Xonanda mazkur videoni ijtimoiy tarmoqdagi o‘zining sahifasiga joylagan.
“Ozodbek Nazarbekovga “ataka” bo‘layotganini eshitib, o‘zim ham san’atkor, mashshoqchi bo‘lganim uchun fikr bildirgim keldi. Ozodbek vazir bo‘lib kelishidan oldin qorni to‘q, xalq sevgan hofiz edi. Unga yaxshigina pul kelib turardi, o‘ziga tinch edi”, deydi Yulduz Usmonova.
San’atkor Ozodbek Nazarbekovning hukumat ishiga o‘tishiga to‘xtalib, hozirga qadar uning boshi g‘alvadan chiqmaganini alohida ta’kidlagan.
“Xursand bo‘lib, xo‘p, deb bordi. U vazir bo‘lganidan beri boshi g‘alvadan chiqmadi. Bir yoqdan men uni cho‘qiyman. “Sen uni, buni qila olmayapsan” deb. Bir yoqdan boshqasi cho‘qiydi. Mayli, endi ish bo‘yicha bo‘ladiyu, lekin u amalda o‘tirib, bir narsani yeb qo‘yganiga hech aqlim yetmaydi. Bu noto‘g‘ri narsa”, deydi xonanda.
Shuningdek, Usmonova Ozodbek Nazarbekovning shaxsiyati va uning atrofidagilar haqida so‘z yuritgan.
“U gadoy, hech nimasi yo‘q emas. [Davlat pulini] yesa atrofdagilar yeyishi mumkin. O‘zi yemaydi. Bundan oldingilarni bilaman. Prezidentimiz 14, 15, 16 yillarda kim nima qilganini, nima bo‘lganini nuqta verguligacha biladi. Endi esiga tushdimi?! Bu noto‘g‘ri informatsiya. Masalan, u davlatni suiiste’mol qilib, firmadan pul qiladigan bo‘lsa, biz bilmasligimiz mumkin edi”, deya qo‘shimcha qiladi u.
Bundan tashqari, Yulduz Usmonova Nazarbekovning hukumat ishiga o‘tganidan keyingi faoliyatini gapirib, buning mas’uliyatiga alohida to‘xtalgan.
“Uning davlat ro‘yxatidan o‘tgan firmasi bo‘lsa, xursand bo‘linglar. Demak poraga ehtiyoji yo‘q. Shuning uchun men ham shu xalqni tinchgina xizmatkori bo‘lib, oyoqlaringiz tagidagi changni yutib yuribman, men roziman. Lekin Ozodbekni dilini og‘ritib qo‘ymanglar. U vazir bo‘libdiki, hamma cho‘qiydi. Uni tepa ham cho‘qiydi. Bu oson narsa emas. Bu yerda biz cho‘qisak, siz cho‘qisangiz kim o‘tirib ishlaydi? O‘z vaqtida o‘g‘irlagan odamlarni hech kim gapirmadi. Bu borada men taniydigan odamlar o‘lib ham ketdi. Lekin shu bugun Ozodbekni joyi kimgadir kerak bo‘lib qoldi”, deya so‘zini yakunlaydi Usmonova.
Eslatib o‘tamiz, biroz oldin O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov 2016 yilda tashkil etilgan “Koba san’at majmuasi” MCHJga 100 foizlik ulush bilan ta’sischi bo‘lib kelgani ma’lum bo‘lgan edi.
LiveBarchasi