U-20 Jahon chempionatida yarim finalchilar aniqlandi

Sport

image

Bugun, 13 oktyabrga o‘tar kechasi Chili mezbonligidagi 2025 yilgi futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatining chorak final bosqichi yakunlandi. Natijada turnirning yarim finaliga yo‘l olgan to‘rt jamoa nomi ma’lum bo‘ldi.

U-20 Jahon chempionati yarim final bosqichida quyidagi juftliklar to‘qnash keladi:

  • Fransiya – Marokash
  • Argentina – Kolumbiya

Yarim final uchrashuvlarining har ikkisi joriy yilning 15 oktyabr kuni Valparaiso shahrida bo‘lib o‘tadi. Uchinchi o‘rin uchun bahs 18 oktyabrda, final uchrashuvi esa 19 oktyabr kuni Santyagodagi “Milliy” stadionda o‘tkazilishi belgilangan.

Argentinaning U-20 jamoasi bu turnir tarixidagi eng muvaffaqiyatli jamoalardan biri sanaladi. Ular hozirgacha 6 marta jahon chempioni bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan. Argentina kichik mundialda oxirgi bor 2007 yilda g‘alaba qozongan.

Fransiya U-20 chempionatida bir marta, 2013 yilda chempionlikni qo‘lga kiritgan. Kolumbiya va Marokash esa ilk bor chempionlik uchun kurashmoqda. Ayniqsa, Marokash 2005 yildan beri ilk bor turnirning yarim final bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, musobaqaning amaldagi chempioni Urugvay terma jamoasi hisoblanadi. Urugvay 2023 yilda Argentinada bo‘lib o‘tgan U-20 Jahon chempionatida finalda Italiya terma jamoasini mag‘lub etib, chempionlikni qo‘lga kiritgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon chempionati U-20 yarim final

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing