Qo‘ng‘ir ayiq ovlanishi bo‘yicha soha olimi xulosa berdi
Jamiyat
−
18 may 2021
14039Xabaringiz bor, joriy yilning 12 may kuni Bo‘stonliq tumanida rossiyalik ovchi Yevgeniy Shirokov tomonidan kamyob qo‘ng‘ir ayiq otib o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi va aholi noroziligiga sabab bo‘ldi. Kimdir Qizil kitobga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiqning otilishini noqonuniy desa, yana kimdir bu kabi ovchilarga ov qilish uchun cheklov qo‘yishni talab qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi rossiyalik ovchining Bo‘stonliq tumanida Tyan-shan qo‘ng‘ir ayig‘ining otilishi qonuniy ekanini, buning uchun unga ruxsatnoma berilganini va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan ma’qullanganini ma’lum qilgandi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti yetakchi ilmiy xodimi biologiya fanlari doktori, professor Elmurod Shernazarov Qizil kitobga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiqning otilgani xususida munosabat bildirdi.
“Bugungi kunda ikkita ayiqning o‘ldirilgani ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Vaholanki, bunga ruxsat berilgan. Huquqiy-normativ hujjatlarda umumiy ov qilinadigan hayvonlarga nisbatan kvota ajratilishi mumkin, Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarga nisbatan ham kvota ajratilishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.
Ov qilinishidan oldin ovchilar tomonidan O‘zbekiston Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasiga ariza tushadi. Ular esa mana shu tushgan arizalarni muvofiqlashtirib, muhokamaga berishadi. Idoralararo komissiya tuzilgan bo‘lib, ushbu komissiyada har xil mutaxassislar qatnashadi. Bundan maqsad – tabiatdan ratsional foydalanish. [Ayiqlarning] belgilanishidan oldin bu muhokama bo‘lgan”, deydi professor.
Elmurod Shernazarov so‘zida davom etarkan, ov qilish bo‘yicha bu kabi amaliyot faqatgina O‘zbekistonda emas, xorijda ham uchrashini qo‘shimcha qildi.
“Respublikamizda qilinayotgan bu kabi ishlar yangilik emas. Bu butun dunyoda mana shu tartibda olib boriladi. Masalan, Rossiyada ham, Tojikistonda ham, Amerikada ham bor.
Ovchilar hayvon ovlashidan oldin maxsus ruxsatnoma oladi. O‘rdak ovlaydimi, bedana ovlaydimi, maxsus ruxsatnoma bo‘lishi kerak. Bu narsa bitta insonning qabul qilgan qarori emas”, deydi professor.
Avvalroq, joriy yil 3 mart kuni Rossiya Federatsiya fuqarosi Ye.P.Shirokovga O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan 2 ta Tyan-shan qo‘ng‘ir ayig‘ini otishga №400030-son ruxsatnoma berilgani, birinchi ayiq o‘ldirilib, fuqarolar noroziligiga sabab bo‘lgach, ikkinchi ayiqni otish uchun ruxsat berilmasligi ma’lum qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, Ekologiya qo‘mitasi rossiyalik ovchi ikkala ayiq uchun ham qonunchilikka ko‘ra tegishli mablag‘ to‘langanini ta’kidlab, bu holatning mutlaqo qonuniy ekanini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi