Pulini to‘ladi, otdi – Ekoqo‘mita kamyob ayiqning o‘ldirilgani bo‘yicha izoh berdi
Jamiyat
−
12 may 2021
16450Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya fuqarosi tomonidan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida kamyob Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘i o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalgandi. E’tiborli jihati, bunga O‘zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Alisher Maqsudovning imzosi bilan ruxsat berilgani aytilgandi. Ekologiya qo‘mitasi holat yuzasidan bayonot berdi.
Qo‘mita, avvalo, tarqatilgan xabar muallifini “amaldagi qonunchilikni yaxshi o‘rganmasdan jamoatchilikni chalg‘itish orqali qo‘mita rahbariyatini yomonotliq qilish maqsadida odamlarni junbushga keltiradigan xabar tarqatganlikda” ayblagan.
Bayonotga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 8 iyulda qabul qilingan “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘RQ-627-sonli Qonunining maqsadi ov qilish va ovchilik xo‘jaligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Shu qonunning 15-moddasida yovvoyi hayvonlarni tutishga doir har yilgi kvota yovvoyi hayvonlarning ko‘p miqdorda tutiladigan turlariga, shuningdek, kamyob va oz sonli turlariga nisbatan belgilanishi ko‘rsatilgan.
“Qonun talabiga asosan, yovvoyi hayvonlarni tutishga doir talabnomalar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga topshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi esa yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvota loyihasini talabnomalar asosida tayyorlaydi va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga yuboradi.
Fanlar akademiyasining yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvota loyihasi bo‘yicha xulosasi asosida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvotalarni tasdiqlaydi, kvotani taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi hamda uni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasiga, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalariga yuboradi.
Yovvoyi hayvonlarni tutishga doir tasdiqlangan kvotalarga muvofiq ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hududiy organlari kvotalarni berilgan talabnomalarga muvofiq taqsimlaydi hamda hayvonot dunyosidan foydalanishga doir ruxsatnomalarni beradi.
Xuddi shu qonunning 16-moddasida esa O‘zbekiston Respublikasi hududida yovvoyi hayvonlarni ov qilish haq to‘lash asosida amalga oshirilishi ko‘rsatib qo‘yilgan. To‘lovlar yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnomada ko‘rsatilgan har bir yovvoyi hayvon uchun kiritiladi. Yovvoyi hayvonlarni tutish uchun to‘lovlar miqdorlari ushbu qonunning 1-ilovasiga muvofiq belgilab qo‘yilgan”, deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘ini ovlashga ham ayni shu tartibda, ya’ni qonuniy talablarga to‘liq amalga qilgan holda ruxsat berilgan. 2020 yilning 25 noyabrida Fanlar akademiyasiga qonun talablariga asosan yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvota loyihasini ko‘rib chiqib, xulosa berish uchun so‘rov yuborilgan. 2020 yilning 4 dekabr sanasida Fanlar akademiyasining Bioresurslar bo‘yicha Idoralararo komissiyasi 2021 yil uchun noyob va “Qizil kitob”ga kiritilgan hayvonlarga ajratilgan kvotalar to‘g‘risidagi xulosasini qo‘mitaga taqdim etgan. Unda 2 dona Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘ini tutish ham ko‘rsatilgan.
“Shundan so‘ng, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining “Yovvoyi hayvonlarni tutishga doir 2021 yilgi kvotani tasdiqlash to‘g‘risida”gi 352-sonli buyrug‘i qabul qilinadi. Mazkur buyruqda kvotaga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni tutish, ya’ni tabiatdan ajratib olish tartib-qoidalari aniq ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, 2020 yilning 28 dekabrida bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yozma ravishda rasmiy axborot berilgan. Hukumatning ayni masala bo‘yicha 2021 yil 8 yanvarda imzolangan topshirig‘ida Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni tabiatdan olishga qonun talablarida belgilangan tartibda ruxsatnoma berishni ta’minlash topshirilgan”, deyiladi Qo‘mita axborotida.
Qayd etilishicha, joriy yil 3 mart kuni Rossiya Federatsiya fuqarosi Shirokovu Ye.P.ga O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan 2 ta Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘ini otishga №400030-son ruxsatnoma berilgan.
O‘z navbatida, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev ushbu holatga “Qo‘mita rahbarining o‘zini ashaddiy bronkoner va bronkonerlikni qo‘llab quvvatlaydigan shaxs ko‘rinadi”, deya munosabat bildirgandi. Deputat bu masalada parlament nazorati kerakligini ta’kidlagandi.
LiveBarchasi