Tutanhamon qabri vayron qilinmoqdami?

Olam

image

Misrning Turizm va qadimiy yodgorliklar vazirligi 3,3 ming yildan ortiq tarixga ega bo‘lgan Luksordagi fir’avn Tutanhamon qabri vayron bo‘layotgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Bunga qadar “Daily Mail” gazetasi olimlarga tayanib, qabr ichida namlik tufayli zamburug‘ (gribok) paydo bo‘layotgani va unda yoriqlar hosil bo‘layotgani haqida xabar bergan edi.

“Qadimiy yodgorliklar ishlari bo‘yicha Oliy kengash bosh kotibi Muhammad Ismoil Xolidning ma’lum qilishicha, bu da’volar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, qabr yaxshi saqlangan va uning tuzilishi yoki devorlarida hech qanday xavf yo‘q”, deyiladi Misr Turizm va qadimiy yodgorliklar vazirligi bayonotida.

Qayd etilishicha, kengash Pol Getti nomidagi Amerikaning ilmiy markazi bilan hamkorlikda Tutanhamon qabrini saqlash va uning holatini kuzatishga qaratilgan ishlarni muntazam olib boradi.

Muhammad Ismoil Xolidning qo‘shimcha qilishicha, ilmiy ekspertizalar va institut tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqotlar qabri 1922 yilda ochilgan paytdan beri holatida hech qanday o‘zgarish yoki yomonlashuv yuz bermaganini ko‘rsatgan.

Vazirlikka ko‘ra, xorijiy OAV tayangan tadqiqot noto‘g‘ri taxminlarga asoslangan bo‘lishi yoki fir’avn Tutanhamonning qabri haqida bo‘lmagan bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Tutanhamon qabri 1922 yilda ingliz tadqiqotchisi Govard Karter tomonidan Qirollar vodiysida arxeologik qazishmalar davomida topilgan. Qabr ichida miloddan avvalgi 1327 yilda vafot etgan misrlik fir’avn Tutanhamonning mumiyosi bo‘lgan. Hozirda Tutanhamon mumiyosi va uning qabri topilmalari asosan Qohira muzeyida saqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Misrning Al-Bahnasa shahrida 2000 yillik 23 ta mumiyo topilgandi. Dafn etilganlarning yuzlarida oltin va rangli dafn niqoblari, ikkita mumiyoning og‘zida esa tillarang til bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

fir'avn Tutanhamon Muhammad Ismoil Xolid

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing