Turkmanistonning sobiq bosh prokurori qamoqda vafot etdi

Olam

image

Turkmanistonning 78 yoshli sobiq bosh prokurori Qurbonbibi Otajonova joriy yilning 26 sentyabr kuni Toshhovuzdagi (Turkmaniston) DZ-E/8 ayollar qamoqxonasida vafot etdi. Bu haqda “Turkmen news” xabar berdi.

U 1997 yilning aprelidan 2006 yilning apreligacha ushbu lavozimda ishlagan. Qurbonbibi Sengrenovna Otajonova 1947 yilda Tejen shahrida tug‘ilgan. Yuridik diplom olgach, u tuman prokurori yordamchisidan mamlakat bosh prokurorigacha bo‘lgan lavozimga ko‘tarildi. 1997 yilning aprel oyida prezident Saparmurod Niyozov uni respublika prokuraturasidagi eng yuqori lavozimga tayinladi.

Xelsinki Inson huquqlari jamg‘armasiga ko‘ra, Otajonova prokuratura boshlig‘i lavozimida ishlagan vaqtida nazorat organini jazo tizimiga aylantirdi. “Turkmanboshi”ning mutlaq ishonchidan bahramand bo‘lib, u keng ko‘lamli qatag‘onlarni amalga oshirgan, huquq himoyachilari buni Yejov va Beriya ta’qiblari bilan solishtiradi. Ayniqsa, 2002 yilning noyabrida Niyozovga suiqasd uyushtirilgani, yuzlab odamlar hibsga olinganidan so‘ng ta’qiblar shafqatsiz tarzda amalga oshirilgan.

Biroq, 2006 yil 24 aprelda Otajonova Vazirlar Mahkamasi majlislar zalida hibsga olingan. U korrupsiyada ayblangan, uning 13 ta turar-joy binosi, g‘isht zavodi, tegirmon, avtomashinalar parki, 6 million dollardan ortiq pul va boshqa mol-mulki musodara qilingan. Keyin u “sharmandali jinoyat sodir etgani uchun” barcha unvonlari va davlat mukofotlaridan mahrum qilindi.

2006 yilning dekabr oyida Otajonova va uning qizi Toshhovuzdagi ayollar jazoni ijro etish muassasasiga o‘tkazildi. Ajablanarlisi shundaki, u hibsga olinishidan biroz oldin bosh prokuror sifatida tekshirgan qamoqxonaga tushib qolgan. O‘shanda u qamoqxonadagi sharoitlarni “kurort” deb ta’riflagan edi. U “xalq dushmanlari”ning qarindoshlari uchun ajratilgan bo‘linmada saqlangan.

Mamlakat xavfsizlik idoralaridan biridagi manbaning xabar berishicha, so‘nggi yillarda Otajonova saraton kasalligidan aziyat chekkan. Jiddiy kasallik tufayli u muddatidan oldin ozodlikka chiqish uchun ariza bergan, tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va hatto ruxsat olgan. Ammo ozod etilishidan bir necha kun oldin u vafot etdi. 27 sentyabr kuni u o‘zi tug‘ilib o‘sgan Tejenda dafn qilindi.

Toshhovuzdagi ayollar qamoqxonasi o‘zining shafqatsiz sharoitlari, jumladan qiynoqlar, kaltaklar va majburiy mehnat bilan mashhur. Xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda qamoqxonada 2000 dan ortiq ayol mahbus bor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning iltimosiga binoan xalqaro hamkorlik doirasida Interpol Germaniyaning Fyurt shahrida xalqaro qidiruvda bo‘lgan sobiq bosh transport prokurorini qo‘lga olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkmaniston Qurbonbibi Otajonova sobiq bosh prokuror Toshhovuz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing