Turkmaniston Rossiya vaksinasiga qiziqmoqda. Mamlakatda rasman koronavirus yo‘q

Olam

image

Turkmaniston yangi koronavirusga qarshi Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini sotib olishga qiziqishini bildirgan. Bu haqda kecha, 25 dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Aleksandra Dronovaning Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Berdiniyaz Myatiyev boshchiligidagi Turkmaniston delegatsiyasi bilan uchrashuvidan so‘ng ma’lum qilindi.

“Uchrashuvda tomonlar yangi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini, xususan, Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining Faxriy akademigi N.F. Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Sputnik V” vaksinasi bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildilar”, deyiladi xabarda.

Muzokaralar yakunida tomonlar og‘ir epidemiologik vaziyatga qaramay, sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik rivojlanib borayotganini ta’kidlagan. COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan buyon ham vazirlar, ham ekspertlar darajasida videokonferensiyalar tashkil etilib, aholi sog‘lig‘ini saqlashning dolzarb masalalarini muhokama qilgani alohida e’tirof etilgan.

Ma’lumot uchun, dunyo bo‘ylab koronavirus infeksiyasi tarqalganidan beri Turkmanistonda ushbu kasallik rasman qayd etilgani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning dekabr oyi boshida Rossiya Sanoat va savdo vaziri Denis Manturov Rossiyaga “Sputnik V” rusumidagi 100 doza vaksinani Toshkentga shaxsan yetkazib berdi va O‘zbekistonga topshirdi.

Keyinchalik Rossiyaga ketayotgan o‘zbekistonliklar “Sputnik V” bilan emlanishi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, “Bloomberg” nashri O‘zbekiston “Sputnik V” vaksinasiga 70 mln doza buyurtma bergani haqida xabar tarqatdi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkmaniston vaktsina “Sputnik V”

Baholaganlar

47

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing