Turkmaniston Prezidenti giyohvand moddalarni yoqishda qatnashdi (video)
Olam
−
03 dekabr 2020
15731Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov noqonuniy aylanmadan ushlab qolingan giyohvand moddalar va boshqa vositalarni utilizatsiya qilishga ixtisoslashgan majmuaning ochilishida ishtirok etdi. Bundan tashqari, Davlat xavfsizlik kengashining sayyor yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu haqda “Turkmaniston” davlat axborot agentligi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, yig‘ilishda mamlakat harbiy va huquqni muhofaza qilish idoralarining 2020 yilning 11 oylik faoliyati yakunlari sarhisob qilingan. Turkmanistonda xavfsizlik va tinchlikni yanada ta’minlash, kuch tuzilmalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilgan.
“Noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan yangi majmua poytaxtdan 100 kilometr shimolda joylashgan”, deyiladi xabarda.
Mazkur korxonada uchta zamonaviy yopiq va ochiq pechlar mavjud. Ta’kidlanishicha, ushbu jarayonda qo‘llaniladigan ilg‘or texnologiyalar inson salomatligi va umuman atrof-muhit uchun eng samarali va xavfsiz hisoblanadi.
Davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov kontrabanda mollarining bir nechta paketini o‘z qo‘llari bilan pechga uloqtirgan. Shundan so‘ng, uning yonida bo‘lganlar millat rahbaridan o‘rnak olib, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni yoqish aksiyasida qatnashishgan. Aksiyada 122,5 kilogrammdan ortiq giyohvand moddalar yoqish natijasida yo‘q qilingan.
LiveBarchasi