Turkmaniston Markaziy Osiyo mamlakatlariga elektr energiyasini yetkazib berishga tayyor – Berdimuhamedov
Olam
−
14 Sentabr 2023
6027Turkmaniston o‘zining tabiiy gazi va elektr energiyasini Markaziy Osiyo mamlakatlari va ularning hududlari orqali o‘zaro manfaatli shartlarda tashqi bozorlarga yetkazib berishga tayyor. Bu haqda bugun, 14 sentyabr kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda ham mintaqaviy talabni qondirishga, ham xalqaro tranzit yo‘laklari orqali jahon bozoriga chiqishga yo‘naltirilgan barqaror energetika sohasidagi hamkorlik uchun siyosiy, huquqiy va iqtisodiy shart-sharoitlarni shakllantirish jarayoni boshlangan.
“Turkmaniston o‘zining tabiiy gazi va elektr energiyasini Markaziy Osiyo mamlakatlari va ularning hududlari orqali o‘zaro manfaatli shartlarda tashqi bozorga yetkazib berishga tayyor. Bu taklifni davlatlarimiz o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish mumkin”, degan Turkmaniston yetakchisi.
Berdimuhamedovning qo‘shimcha qilishicha, “Markaziy Osiyo davlatlarining energetik muloqoti”da besh tomonlama hamkorlikning yangi shaklini yaratish maqsadga muvofiq.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 14-15 sentyabr kunlari Dushanbe shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda. Shu kunlarda Orol dengizi havzasida ekologik inqirozni bartaraf etish va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash maqsadida 1993 yilda tashkil etilgan IFAS Kengashining majlisini o‘tkazish ham rejalashtirilgan. Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston rahbarlari, bundan tashqari faxriy mehmon sifatida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham ishtirok etmoqda. Avvalgi uchrashuvlar, 2018 yilda Qozog‘istonning Ostona shahrida, 2019 yilda O‘zbekistonning Toshkent shahrida, 2021 yilda Turkmanistonning Avaza shahrida va 2022 yilda Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan.
LiveBarchasi