Turkiyalik advokatlar XJSdan Isroil rahbariyatini hibsga olishni talab qilmoqda

Olam

image

Bir guruh turkiyalik advokatlar Xalqaro jinoiy suddan (XJS) Isroilning bir necha yuqori martabali amaldorlarini, jumladan, Bosh vazir Binyamin Netanyaxuni hibsga olishni rasman so‘radi. Bu haqda TASS da’vo tashabbuskorlaridan biri, advokat Burak Bekiro‘g‘liga tayanib xabar berdi. 

“Biz hozirgina XJSga Isroil Mudofaa vaziri [Yoav Galant], Harbiy vazirlar mahkamasi a’zosi [Beni Gans], Bosh shtab boshlig‘i [Gersi Xalevi], havo kuchlari qo‘mondoni [Tomer Bar], janubiy harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni [Yaron Finkelman] hamda Netanyaxuni hibsga olishga order berishni so‘rab murojaat qildik”, degan tashabbuskor. 

Turkiyalik huquqshunoslar, shuningdek, Strategik rejalashtirish vaziri Ron Dermer va Harbiy vazir Gadi Ayzenkotni hibsga olishni so‘ramoqda. 

Ular rasmiy ish qo‘zg‘atilishini, jinoyatlariga oid dalillar to‘planishini va sanab o‘tilgan shaxslarni Rim statuti qoidalariga muvofiq qamoqqa olishni talab qiladilar. 

Turkiya parlamentining hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasidan sobiq deputati Metin Kulunk, advokatlar Mukahit Birinji va Burak Bekiro‘g‘li shu haftada Istanbul prokuraturasiga Xalqaro jinoiy sud (XJS) ga Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga qarshi bayonot yuborish talabi bilan murojaat qilgan. Murojaatda u insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgani, butun dunyo oldida urush va genotsid qilgani va endi xalqaro jinoiy me’yorlar ostida sudlanishi kerakligi ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 2 mingdan ortiq advokat Isroilning G‘azo sektorida sodir etgan jinoyatlari uchun turli organlarga da’vo arizasi  kiritishini aytgan edi. 

Ma’lumot uchun, Turkiya XJSga murojaat qilishi mumkin emas, chunki u Rim statutini imzolamagan. Biroq, Anqara davlat idoralari va nodavlat tashkilotlari orqali Gaagadagi sud prokurori idorasini jinoyatlar haqida xabardor qilishi mumkin.

Rim statuti XJSni tashkil etgan xalqaro shartnoma bo‘lib, uning nizomi sifatida xizmat qiladi. Sudning vakolatlariga genotsid, insoniyatga qarshi jinoyatlar, urush jinoyatlari va tajovuz uchun aybdorlarni javobgarlikka tortish kiradi. XJSning yurisdiksiyasi 2002 yil 1 iyuldan keyin Rim statutining ishtirokchisi bo‘lgan davlat hududida sodir etilgan jinoyatlarga va boshqa har qanday davlat hududida ushbu davlatlar fuqarolariga nisbatan qo‘llaniladi. Agar hududida jinoyat sodir etilgan davlat nizom ishtirokchisi bo‘lmasa yoki uning fuqarolari og‘ir jinoyatlarda gumon qilinsa, BMT Xavfsizlik Kengashi jinoiy ish qo‘zg‘atish uchun mandat berishi mumkin. Isroil Rim statutining ishtirokchisi emas.

Oldinroq Bangladesh, Boliviya, Jibuti, Komor orollari va Janubiy Afrika Isroil armiyasining G‘azo sektoridagi hujumlarini tergov qilishni talab qilib, Xalqaro jinoiy sud (XJS) prokuraturasiga murojaat qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Bin'yamin Netan'yaxu G'azo sektori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made