Turkiyaga otlanayotgan o‘zbekistonliklar diqqatiga: Istanbul aeroportida metro ishga tushyapti
Olam
−
04 Oktabr 2022
6653Yo‘lovchi tashish bo‘yicha Yevropadagi yetakchi havo markazi bo‘lgan Istanbul yangi aeroportida metro noyabr oyi oxirigacha ochilishi rejalashtirilgan. Bu haqda kecha, 3 oktyabr kuni Turkiya Transport va infratuzilma vaziri Odil Karaismoilo‘g‘li “CNN Turk” telekanali efirida ma’lum qildi.
“Istanbul aeroportida bir-ikki oy ichida metro ochiladi. Markaziy Taqsim maydonidan unga qadar bo‘lgan yo‘l taxminan 30 daqiqa davom etadi”, deydi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Istanbulning yangi aeroporti hozirda havo qatnovi bo‘yicha Yevropada birinchi, dunyoda esa beshinchi o‘rinda turadi. Aviatsiya markazining qurilishi xususiy manbalar hisobidan amalga oshirilgan, Turkiyaning bugungi kunga qadar uning ishidan tushgan daromadi qariyb 23 million yevroni tashkil qilgan. Vazirning qo‘shimcha qilishicha, hozirda aeroport yiliga 120 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga qodir.
Yangi Istanbul aeroporti 2019 yilda “Otaturk” aeroporti yopilgandan so‘ng ishlay boshladi, bu bir vaqtlar Yevropadagi eng gavjum uchta havo bandargohidan biri bo‘lgan. Rejalarga ko‘ra, 2025 yilgacha qurilish to‘liq yakunlangach, yangi aeroport oltita uchish-qo‘nish yo‘lagiga va har yili 150 millionga yaqin yo‘lovchini tashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Istanbul aeroporti qayerda joylashgan?
Istanbul xalqaro aeroporti shaharning Yevropa qismi tomonidan 35 kilometr shimolda joylashgan.
Yangi aeroport uzoqmi?
Istanbul xalqaro aeroporti “Otaturk” nomidagi xalqaro aeroportga nisbatan uzoq manzilda joylashgan. Yangi aeroport ayniqsa, o‘zbekistonliklar uchun juda uzoq. Boisi, Istanbulga sayohat, davolanish, tijorat maqsadida boradigan ko‘pchilik o‘zbeklar shaharning Oqsaroy, Laleli va Taqsim maydonlari atrofiga joylashadilar. Aeroport va bu magzilgohlar orasidagi masofa esa anchagina.
Masalan:
Aeroport – Taqsim maydoni. Yengil avtomobilda:
eng kam masofa – 39,5 km;
o‘rtacha masofa – 51,6 km;
eng uzoq masofa – 56,1 kmni tashkil etadi.
Aeroport – Oqsaroy mahallasi. Yengil avtomobilda:
eng kam masofa – 41,7 km (56 daqiqa);
o‘rtacha masofa – 45,7 km (52 daqiqa);;
eng uzoq masofa – 56,7 km (49 daqiqa)ni tashkil etadi.
Aeroport – Laleli Istanbul universiteti. Yengil avtomobilda:
eng kam masofa – 42,3 km (50 daqiqa);
o‘rtacha masofa – 45,4 km (50 daqiqa);;
eng uzoq masofa – 48,1 km (58 daqiqa)ni tashkil etadi.
Qaysi yo‘ldan borish taksi haydovchisining insofiga va yo‘llarning qanchalik tirbandligiga bog‘liq.
LiveBarchasi