Istanbul aeroporti sutkalik reyslar soni bo‘yicha mutlaq rekord o‘rnatdi
Olam
−
20:25 1414 2 daqiqa
Joriy yilning 16 avgust kuni Turkiyaning Istanbul shahri aeroporti 1739 ta reysga va 290 ming 287 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatib, Turkiya va Yevropada sutkalik reyslar hamda yo‘lovchilar soni bo‘yicha mutlaq rekord o‘rnatdi. Bu haqda Turkiya transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir Uralo‘g‘li ma’lum qildi.
Bayonotda Uralo‘g‘li 16 avgust kuni Istanbul aeroportidagi sutkalik yo‘lovchi oqimi va reyslar soniga oid ma’lumotlarni keltirib o‘tgan va aeroport yangi rekord o‘rnatganini ta’kidlagan.
“Istanbul aeroporti 16 avgust kuni 1739 ta reysga va 290 ming 287 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatib, butun Turkiya va Yevropa tarixidagi sutkalik reyslar hamda yo‘lovchilar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichga erishdi”, deydi u.
Uralo‘g‘li Istanbul aeroportining xalqaro aviatsiyadagi strategik ahamiyati ortib borayotganini alohida ta’kidlagan.
“O‘zining o‘tkazuvchanlik qobiliyati, mustahkam infratuzilmasi va yuqori xizmat ko‘rsatish sifati tufayli Istanbul aeroporti dunyoning yetakchi aeroportlari qatoridan joy oldi. Yangi rekordlar u global tranzit xabi sifatida o‘z pozitsiyasini mustahkamlashda davom etayotganini yana bir bor ko‘rsatdi”, deydi vazir.
Ma’lumot uchun, Istanbul aeroporti – Turkiyaning eng yirik va zamonaviy havo bandargohi bo‘lib, dunyodagi eng gavjum xalqaro aviatsiya markazlaridan biri hisoblanadi. 2018 yilning oktyabr oyida tantanali ravishda foydalanishga topshirilgan va 2019 yilning aprelida sobiq Otaturk aeroportining barcha tijoriy reyslarini to‘liq o‘z zimmasiga olgan ushbu aeroport Istanbulning Yevropa qismidagi Arnavutko‘y tumanida, shahar markazidan taxminan 35-40 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan bo‘lib, iGA kompaniyasi tomonidan boshqariladi.
Bitta tom ostida joylashgan dunyodagi eng katta terminal binosiga ega bo‘lgan bu inshoot milliy aviakompaniya Turkish Airlines’ning bosh qarorgohi va asosiy tranzit xabi vazifasini o‘taydi. Aeroportdan dunyoning 300 dan ortiq yo‘nalishlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar amalga oshiriladi va u yiliga 80 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatib, Yevropa aeroportlari orasida reyslar soni bo‘yicha muntazam ravishda birinchi o‘rinni egallab kelmoqda.
Me’moriy jihatdan Turkiyaning milliy ramzi bo‘lgan lola shaklida loyihalashtirilgan va xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘lgan dispetcherlik minorasi bilan ajralib turadigan aeroport hududida 50 ming kvadrat metrdan ortiq maydonni egallagan Duty Free savdo zonasi, turli brend do‘konlari, kafe-restornlar, YOTEL mehmonxonasi va soatbay ijaraga beriladigan maxsus uxlash kapsulalari mavjud. Shahar markazi bilan aloqa M11 metro tarmog‘i, Havaist ekspress-avtobuslari hamda taksi va transfer xizmatlari orqali ta’minlanadi. Barcha qurilish bosqichlari, jumladan 6 ta uchish-qo‘nish yo‘lagi to‘liq ishga tushirilgach, aeroportning yillik yo‘lovchi o‘tkazish quvvati 200 million kishiga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Live
Barchasi