Turkiyaga g‘ayrioddiy usulda oltin olib kirishga uringan o‘zbekistonlik ayollar ushlandi (video)
Olam
−
08 Oktabr
20486Turkiyaning Izmir shahri aeroportida o‘tkazilgan operatsiyada O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 6 nafar ayol va ularni kutib olish uchun kelgan shaxslarning yonidan 166 dona oltin quymalari va 18 ta o‘yin konsoli topilgan. Qonunbuzarlik bilan bog‘liq 7 kishi hibsga olingan. Bu haqda “Airline Haber“ xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2 oktyabr kuni Izmir politsiyasining Qonunbuzarliklar bilan kurash bo‘limi xodimlari razvedka ma’lumotlari asosida o‘tkazgan surishtiruvda Dubaydan Izmir aeroportiga uchib kelgan 6 nafar O‘zbekiston fuqarosi noqonuniy yo‘llar bilan oltin olib kirishga harakat qilgani aniqlangan. Operatsiyada aeroportga kelgan gumonlanuvchi ayol yo‘lovchilar va ularni kutib olgan ikkita avtomobil aeroportdan chiqishda politsiya tomonidan to‘xtatilgan. Dastlabki tintuvda har biri 110 gramm og‘irlikdagi 82 dona oltin quymasi, 18 ta o‘yin konsoli va 3 ta smartfon olib qo‘yilgan.
Sud qarori asosida o‘tkazilgan ichki tana tekshiruvlarida esa ayol yo‘lovchilar jinsiy a’zolarida yashirilgan har biri 110 gramm og‘irlikdagi yana 84 dona oltin quymasi topilgan. Jarrohlik yo‘li bilan chiqarilgan bu oltinlar bilan birgalikda jami 166 dona oltin quymasi olib qo‘yilgan.
Oltinlarning umumiy og‘irligi 18,5 kilogramm bo‘lib, bozor qiymati taxminan 55 million lira (taxminan 20,5 mlrd so‘m) ekani ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent xalqaro aeroportida 1,5 mlrd so‘mlik soatni noqonuniy olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingan edi.
LiveBarchasi