Turkiyadagi davlat to‘ntarishiga aloqadorlikda ayblangan Gulen AQSHda vafot etdi

Olam

image

Turkiyada terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan FETO yetakchisi Fathulloh Gulen AQSHda vafot etdi. Bu haqda “Haberturk” xabar berdi.

Qayd etilishicha, 83 yoshli Gulenning vafot etganini uning jiyani Ebuseleme Gulen ham tasdiqlagan. Unga ko‘ra, Gulen kecha, 20 oktyabr kuni AQSHning Pensilvaniya shtatidagi shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan.

Ma’lumot uchun, Turkiyada ba’zi ommaviy axborot vositalari Gulenni mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy raqibi sifatida ko‘rsatishardi. Turkiya hukumatiga ko‘ra, u 2016 yil iyul oyida ikki hafta davom etgan va 250 dan ortiq kishining o‘limiga, yana 2,2 ming kishining jarohatlanishiga olib kelgan davlat to‘ntarishiga urinishda aybdor.

Anqara AQSHdan Gulenni ekstraditsiya qilishni talab qilgan. Shuningdek, Turkiya hukumati FETO tarafdorlarini oxirgi kishisigacha javobgarlikka tortmaguncha ularni ta’qib qilishini ma’lum qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Fathulloh Gulen 1970 yillarda Turkiyada paydo bo‘lgan – Turkiya hukumatiga ko‘ra, Fathulla terrorchi tashkiloti harakatiga (FETO) rahbarlik qilgan. Tashkilot o‘zini tinchliksevar va zamonaviy islomiy qarashlarni ilgari suruvchi harakat sifatida ko‘rsatgan. Harakatni siyosiy ta’sirga erishishga intilishda ayblangan. FETO tarkibiga ommaviy axborot vositalari, maktablar va xayriya tashkilotlari kiradi.

Fathulloh Gulen 1999 yildan beri AQSHda yashagan. U, shuningdek, ilohiyot va pedagogika bo‘yicha ilmiy asarlar muallifi sifatida tanilgan. 2013 yilda “Time” jurnalining dunyoning 100 ta eng nufuzli shaxslari ro‘yxatiga kirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya maxsus xizmatlari FETO tashkiloti tarafdorlariga qarshi operatsiya o‘tkazgan edi. Unda davlat idoralarida turli lavozimlarda ishlagan 46 kishi qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya FETO Fathulloh Gulen

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing