Turkiyada O‘zbekiston fuqarosi terrorchilikda gumonlanib hibsga olindi
Jamiyat
−
04 aprel
9645Turkiyada O‘zbekiston fuqarosi terrorchilikda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 27 mart kuni Turkiya mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan ISHID xalqaro terrorchilik guruhiga a’zo deb gumon qilinayotgan 70 kishi ushlangan. Ular orasida 1 nafar 39 yoshli Andijon viloyatida tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi ham borligi aniqlangan.
"Advokatlar aralashuvi natijasida vatandoshimizning ta’kidlangan terrorchilik guruhiga aloqasi borligi haqidagi vajlar o‘z isbotini topmadi va qo‘yib yuborildi", deyiladi xabarda.
Shundan kelib chiqib, konsulxona Turkiyaga borishni rejalashtirgan o‘zbekistonliklar uchun o‘z tavsiyalarini berdi:
- Telegram, Instagram, Tik-Tok, YouTube va WhatsApp'dagi ekstremistik kanal va saytlarga a’zo bo‘lmaslik;
- mobil telefonlarda bilib-bilmay mutaassiblik ruhidagi nashidalar (qo‘shiqlar), ma’ruzalar, suratlarni saqlamaslik va tarqatmaslik;
- elektron pochta orqali noma’lum shaxslardan kelgan diniy mazmundagi da’vat va tanishuv haqidagi takliflarga javob bermaslik kerak.