Istanbul aeroportida hushidan ketgan 19 yoshli o‘zbekistonlik yigit mamlakatga qaytarildi
Jamiyat
−
15:12 819 2 daqiqa
Turkiyada sog‘lig‘i yomonlashib, O‘zbekistonga qaytish uchun Istanbul aeroportiga kelganida hushini yo‘qotgan 19 yoshli O‘zbekiston fuqarosi davolanib, mamlakatga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Turkiyaga ishlash maqsadida borgan 19 yoshli O‘zbekiston fuqarosi A.S. sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sababli mehnat faoliyatini davom ettira olmagan va O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan. Shu maqsadda aviachipta xarid qilib, Istanbul aeroportiga kelgan A.S.ning sog‘lig‘i keskin yomonlashib, hushini yo‘qotgan.
Fuqaro shoshilinch ravishda Istanbul shahrining Bashakshehir tumanida joylashgan Çam ve Sakura shahar shifoxonasiga yetkazilib, zarur tibbiy muolajalarni olgan. Davolanish jarayonida yuzaga kelgan tibbiy xarajatlarning bir qismi Turkiyada faoliyat yuritayotgan faol va saxovatpesha hamyurtlarning ko‘magida qoplangan.
Bildirilishicha, O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Migratsiya agentligi tomonidan O‘zbekiston fuqarosining holati nazoratga olinib, uning Vatanga qaytishini tashkil etish bo‘yicha zarur amaliy choralar ko‘rilgan. Shu tariqa 19 yoshli A.S. tegishli tashkilotlar hamkorligida O‘zbekistonga qaytarilgan.
“Bosh konsulxona ushbu xayrli ishda yaqindan yordam bergan, og‘ir vaziyatda qolgan yurtdoshimizga befarq bo‘lmagan barcha saxovatpesha vatandoshlarimizga samimiy minnatdorlik bildiradi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyada majburiy nikohga undash, jismoniy zo‘ravonlik va majburiy mehnatga duch kelgan 17 yoshli o‘zbekistonlik qiz mamlakatga qaytarilgandi.
Live
Barchasi