O‘zbekistonlik qiz Turkiyaga o‘qish bahonasida olib borilib, nikohga majburlandi (video)

Jamiyat

−

image

Turkiyada majburiy nikohga undash, jismoniy zo‘ravonlik va majburiy mehnatga duch kelgan 17 yoshli o‘zbekistonlik qiz mamlakatga qaytarildi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Turkiyaga o‘qish bahonasida olib borilgan 17 yoshli o‘zbekistonlik qiz majburiy nikohga undash, jismoniy zo‘ravonlik va majburiy mehnat holatlariga duch kelgani yuzasidan O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasiga murojaat qilgan.

Bosh konsulxona tomonidan advokatlar jalb qilingan holda unga konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatilgan va Migratsiya jamg‘armasi hisobidan O‘zbekistonga qaytarilgan.

Qayd etilishicha, uning xavfsizligi, ijtimoiy-huquqiy va psixologik himoyasini ta’minlash masalalari tegishli tashkilotlar tomonidan nazoratga olingan.

Turkiyada qancha o‘zbekistonlik istiqomat qilmoqda?

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasining avgust oyida QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, 130 mingga yaqin o‘zbekistonlik Turkiyada istiqomat qilmoqda. Ulardan 80 ming nafari mamlakatda qonuniy tarzda yashaydi. Qolgan 50 mingga yaqin fuqaro noqonuniy ravishda istiqomat qilmoqda.

Taqqoslash uchun, joriy yilning fevral oyida QALAMPIR.UZ e’lon qilgan statistikada Turkiyada 130 ming fuqaro istiqomat qilishi qayd etilgan edi. O‘sha vaqtda mamlakatda yashash huquqini olgan fuqarolar soni 60 ming kishini tashkil qilgan. Shuningdek, 70 ming nafar kishi esa noqonuniy tarzda yashagan. Demak, Turkiyada yilning yarmiga kelib mamlakatda yashash huquqini olgan o‘zbekistonliklar soni 20 ming kishiga ortgan, noqonuniy yashayotganlar soni esa naqd 20 ming nafarga kamaygan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi ko‘magida og‘ir ahvolga tushib qolgan ona uch nafar farzandi bilan Turkiyadan O‘zbekistonga jo‘natilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing