Turkiyada shaharlararo harakatlanishga ruxsat berilyapti
Olam
−
29 may 2020
5498Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 1 iyundan mamlakatda karantin cheklovlari sezilarli yumshatilishini ma’lum qildi. Bu haqda NTV xabar berdi.
1 iyundan Turkiyada shaharlararo harakatga o‘rnatilgan taqiq to‘liq bekor qilinadi. Shuningdek, restoran, kafe, basseyn va spa-salonlar ochilib, soat 22:00 gacha mehmonlarni qabul qilishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, yoz boshidan mamlakatdagi bog‘chalar faoliyati ham tiklanadi. Biroq hukumat 18 yoshdan kichik va 65 yoshdan kattalarning ko‘chaga chiqishi uchun o‘rnatilgan taqiqni o‘z kuchida qoldirgan.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiyada bugungacha koronavirus bilan bog‘liq 160 979 ta holat aniqlandi. Bemorlarning 4 461 nafari vafot etgan. 124 369 nafar bemor sog‘aygan.
Avvalroq, Turkiyada to‘y va oilaviy marosimlarni o‘tkazishga ruxsat berilayotgani xabar qilingandi.