Turkiyada Instagram bloklandi
Olam
−
02 avgust
5046Bugun, 2 avgust kuni Turkiyada Instagram ijtimoiy tarmog‘iga kirish bloklab qo‘yildi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Instagram’ga kirish Turkiya axborot texnologiyalari va aloqa boshqarmasi qarori bilan bloklangan. Rasmiylar ushbu platforma nima uchun cheklangani haqida hech qanday ma’lumot taqdim etmagan.
Turkiya rasmiylari qarori HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniya o‘limi bilan bevosita bog‘liq, deb taxmin qilinmoqda. Instagram Xoniya o‘limi munosabati bilan hamdardlik posti joylagan akkauntlarni umumiy bloklay boshlagan. Bunga javoban esa Turk hukumati Instagram’ning o‘ziga nisbatan taqiq joriy qilgan bo‘lishi mumkin.
Anqara ijtimoiy tarmoqning bloklanishi rasmiy sababini keltirmagan bo‘lsa-da, Turkiya Prezidenti ma’muriyati aloqa bo‘limi rahbari Faxriddin Altun qaror Ismoil Xoniya o‘limi munosabati bilan paydo bo‘lgan hamdardlik chellenjiga Instagram tomonidan taqiq qo‘yilishi ortidan qabul qilinganiga ishora qilgan.
“Bu senzura, ochiqchasiga senzura. Ular kishilarga erkin fikrlari uchun taqiq qo‘ymoqda”, deydi Faxriddin Altun.
Turkiya Axborot texnologiyalari va aloqa boshqarmasi bugun, 2 avgust kuni Instagram’ga taqiq qo‘yilganini rasman o‘z sahifasida e’lon qilgan. Taqiq qachon va qanday shartlar asosida yechilishi bildirilmagan. Instagram tarmog‘ini nazorat qiluvchi Meta korporatsiyasi holat haqida hozircha izoh bildirmagan.
Ma’lumot uchun, 31 iyul kuni HAMAS siyosiy idorasi rahbari Xoniya va uning qo‘riqchilaridan biri Tehrondagi qarorgohga qilingan hujumdan so‘ng halok bo‘ldi. Kecha, 1 avgust kuni Eron Islom Respublikasi oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy Tehron universitetida Ismoil Xoniya uchun janoza namozini ado etdi. Xoniya bugun, 2 avgust kuni Dohaga dafn etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Ismoil Xoniyaning Tehronda o‘ldirilganini keskin qoralab chiqqan edi.
LiveBarchasi