Turkiyada erini o‘ldirishda gumonlangan o‘zbekistonlik ayol qotil bo‘lmasligi mumkin
Olam
−
15 aprel
9111Avvalroq, Turkiyaning Istanbul shahri Kartal tumanida 28 yoshli o‘zbekistonlik ayol moliyaviy qiyinchiliklar tufayli yuzaga kelgan janjal chog‘ida erini pichoq bilan yaralab, uni o‘ldirganlikda gumonlanib, ushlangani haqida xabar berilgandi. Endilikda esa marhum ayolni bo‘g‘ayotgan paytda orqa tomondan pichoq bilan jarohatlangani va bu uni boshqa shaxs tomonidan pichoqlangan bo‘lishi ehtimolini istisno etmasligi aytilmoqda. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, konsulxonaga gumonlanuvchi ayolning xolasi tomonidan intervyu berilgan. Unga ko‘ra, haqiqatan ham O‘zbekiston fuqarosi S.T. mazkur voqea yuzasidan gumonlanuvchi sifatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda vafot etgan Turkiya fuqarosi spirtli ichimlik iste’mol qilgan va o‘zbekistonlik turmush o‘rtog‘iga nisbatan muntazam ravishda jismoniy va ruhiy bosim o‘tkazib kelgan. Voqea sodir bo‘lgan vaqtda xonada boshqa shaxslar ham bo‘lgan. Dastlabki tergovga ko‘ra, marhum ayolni bo‘g‘ayotgan paytda orqa tomonidan pichoq bilan jarohatlangan. Bu esa uni boshqa shaxs tomonidan pichoqlangan bo‘lishi ehtimolini istisno etmaydi.
“Hozirda gumonlanuvchi ayolga zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda va unga advokat biriktirilgan. Holat Bosh konsulxona tomonidan nazoratga olingan”, deyiladi xabarda.
“Nefes Gazetesi”ning yozishicha, voqea joriy yilning 6 aprel kuni soat 21:30 atrofida Karliktepa mahallasidagi binoning uchinchi qavatidagi kvartirada yuz bergan. Aytilishicha, O‘zbekiston fuqarosi S.T. va turmush qurganiga 4 yil bo‘lgan Emre Erim o‘rtasida moliyaviy sabablarga ko‘ra janjal kelib chiqqan. Janjal tezda mushtlashuvga aylanib ketgan. Bundan g‘azablangan ayol oshxonadagi pichoq bilan turmush o‘rtog‘i Emre Erimga tan jarohati yetkazgan. Oqibatda og‘ir tan jarohati olgan erkak vafot etgan. Marhumning jasadi ekspertiza uchun Sud tibbiyot institutiga yuborilgan. Kartal tumaniga qarashli militsiya guruhlari tomonidan olib borilgan ishlar chog‘ida qochishga uringan S.T. qo‘lga olingan. Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi