Turkiyada 92 yoshli ayolning oshqozonidan 35 ta danak chiqdi
Olam
−
17 fevral 6869 2 daqiqa
Turkiyada shifokorlar keksa ayolning oshqozonidan 28 ta xurmo urug‘i, 35 ta zaytun danagi va beshta tosh chiqardi. Bu haqda “TRT Haber” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 92 yoshli Sherife Ay joriy yilning 5 fevral kuni qorin sohasidagi kuchli og‘riq va qayt qilish shikoyati bilan shifoxonaga yotqizilgan. Tibbiy tekshiruv natijalari shifokorlarni hayratga solgan: uning oshqozoni va ichaklarida 28 ta xurmo urug‘i, 35 ta zaytun danagi va mushtdek kattalikdagi beshta tosh topilgan.
Ayolning ingichka ichagida 4 sm hajmdagi tosh tiqilib qolgan va ichakning yorilishiga hamda to‘qimalarning shikastlanishiga sabab bo‘lgan. Agar o‘z vaqtida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilmaganida, bu holat ayol uchun halokatli bo‘lishi mumkin edi. Shifokorlar ikki soat davom etgan operatsiya orqali ichakning zararlangan qismlarini va barcha begona jismlarni olib tashlagan. Operatsiyadan so‘ng pensioner besh kun reanimatsiyada bo‘lib, sog‘lig‘ini tiklagan.
Ayolning so‘zlariga ko‘ra, u xurmo va zaytun mevalarini juda yaxshi ko‘rgani uchun har doim danaklarini ham yutib yuborgan. Shifokorlar ayrim hollarda bunday o‘simta shaklidagi hosilalarni yo‘q qilish uchun gazlangan ichimliklar ishlatilishini ta’kidlagan. Ularning tarkibidagi kislotalilik va karbonat angidrid ba’zi turdagi massalarni eritishda yordam beradi. Biroq bu usul faqat 23-60 foiz holatlarda samarali bo‘lib, jarrohlik amaliyotidan avval dastlabki muolaja sifatida qo‘llaniladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq farg‘onalik 2 yoshli qizning qornidan 135 ta magnit sharcha olingan edi. Qizaloq magnit sharchalar bilan o‘ynab kelgan va shu jarayonda ulardan ancha-munchasini ichiga yutgan. Vaqt o‘tishi bilan sharchalar qornida yig‘ilib qolgan va uning hayotiga jiddiy xavf solgan. Shifokorlar jarrohlik amaliyoti o‘tkazib, qizaloq qornidagi 135 ta magnit sharchani olib tashlagan.
Live
Barchasi