Turkiyada 74 kundan keyin juma namozi masjidlarda o‘qildi

Olam

image

Turkiyada koronavirus sabab 16 mart kuni yopilgan masjidlar kecha, 29 may kuni juma namozining o‘qilishi bilan ochildi. Mamlakatda 74 kundan so‘ng juma namozi masjidlarda o‘qildi.

Avvalroq, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 29 maydan peshin, asr va juma namozlarini masjidlarda jamoat bo‘lib o‘qish mumkinligini aytgandi.

Masjidlarda odamlar juma namozini uylaridan joynamoz olib kelib, niqoblarda ijtimoiy masofani saqlagan holda o‘qishdi. Ahamiyatlisi, masjidga niqob va joynamozsiz kelganlarga niqob va bir martalik joynamoz berildi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiyada karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatilyapti. Mamlakatda 1 iyundan kafe va restoranlarni ochishga ruxsat berildi. Shaharlararo harakatlanishga o‘rnatilgan cheklov bekor qilinyapti. 11 iyuldan boshlab mamlakatda to‘y va oilaviy marosimlarni o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

Millionlab sayyohlarning sevimli mamlakati Turkiya kuzda turizmni tiklash niyatida.

Ma’lumot uchun, Turkiyadan tashqari, Saudiya Arabistonida ham 31 maydan masjidlar ochiladi. AQSH Prezidenti Donald Tramp ham shtat rahbarlarini koronavirus sabab yopilgan diniy muassasalarni ochishga chaqirgandi. Tramp alkogol do‘konlari ochiq bo‘lib, ibodat maskanlari yopilishini qoralagandi.

Dubay ham masjidlarni ochishga tayyorlanyapti. Ammo hozircha 60 yoshdan katta va 12 yoshdan kichiklar masjidga kiritilmaydi. Iordaniya esa 5 iyundan juma namozini o‘qish uchun masjidlarni ochishni rejalashtiryapti. Eronda esa 8 may kuni masjidlar ochilgan. Shimoliy Makedoniyada may oyining o‘rtalarida 2 oylik tanaffusdan keyin masjidlar ochilib, juma namozi o‘qila boshladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etilgandan so‘ng, mamlakatda masjidlar yopilib, namozni uyda o‘qish tavsiya qilindi. 


Maqola muallifi

Teglar

masjid koronavirus

Baholaganlar

68

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing